Samarqandni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi ma’qullandi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida Samarqand viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Dastlab, sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik rivojlanish va islohotlar agentligining direktori o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov mazkur loyiha va unda belgilangan vazifalar haqida ma’lumot berdi.
– Davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida respublikamizning barcha hududlari, jumladan, Samarqand viloyati uchun 2030-yilgacha mo‘ljallangan hududiy taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlandi, – dedi A.Abduqodirov. – Mazkur hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining hududiy davomi bo‘lib, unda umummilliy maqsadlar Samarqand viloyatining iqtisodiy, ijtimoiy, demografik, tarixiy va tabiiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aniq ko‘rsatkichlar, ustuvor yo‘nalishlar va manzilli loyihalar bilan boyitilgan. Strategiya loyihasida belgilangan vazifalar amalga oshirilishi natijasida 2030-yilga borib viloyat iqtisodiyoti yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi. Xususan, birinchi – iqtisodiy rivojlanish, kambag‘allikni qisqartirish va yuqori daromadli bandlikni ta’minlash yo‘nalishida yalpi hududiy mahsulot hajmi hozirgi 10,1 milliard dollardan 20,5 milliard AQSH dollariga, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsuloti 3,6 ming dollardan 5,3 ming dollarga yetkaziladi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga oshirilib, 115 trillion so‘mga, xizmatlar hajmi ham 2 baravar ko‘paytirilib, 150 trillion so‘mga, qurilish ishlari hajmi 1,9 baravarga oshirilib, 36,9 trillion so‘mga yetkaziladi. Kambag‘allikka mutlaq barham berilib, ishsizlik darajasi 4 foizga qisqartiriladi, aholi daromadlari va mehnat unumdorligi oshiriladi. Eksport salohiyati va xizmatlar eksportini rivojlantirishga qaratilgan ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha eksportchi korxonalar sonini 630 tadan 720 taga, yillik eksport hajmini 3,5 milliard AQSH dollariga yetkazish va eksport geografiyasini 120 tagacha davlatga kengaytirish belgilangan.
Uchinchi yo‘nalish – investitsiyalarni jalb etish va sanoatni hududlar bo‘yicha diversifikatsiya qilish yuzasidan viloyatga 2030-yilga qadar 4,8 milliard AQSH dollaridan ortiq xorijiy sarmoya jalb qilinib, sanoat ishlab chiqarish hududlar kesimida mutanosib tarzda joylashtiriladi. Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarida infratuzilmasi tayyor yangi sanoat zonalari shakllantiriladi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on sanoat zonasida avtomobilsozlik va ehtiyot qismlar klasteri rivojlantiriladi, Narpayda yuqori texnologik sanoat, to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish kengaytiriladi.
Turizmni yuqori daromadli xizmatlar iqtisodiyotiga aylantirish yo‘nalishida xorijiy sayyohlar sonini hozirgi 3,5 milliondan 7 million, mahalliy sayyohlar soni 7,5 milliondan 15 million nafarga yetkazib, turizmning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda turistlarning viloyatda qolish muddatini 4 kungacha uzaytirish, mehmonxona o‘rinlari sonini 25500 taga, turizm klasterlari soni 2 taga hamda turizm eksporti 1,5 milliard dollarga yetkaziladi.
[gallery-30618]
“Samarqand – 3 kunlik tajriba” turistik paketi ishlab chiqiladi va ziyorat turizmi “Imom Buxoriy – Imom Moturidiy – Shohi Zinda” yo‘nalishi orqali xalqaro bozorga chiqariladi. “Registon – Afrosiyob – gastronomiya – hunarmandchilik” marshruti yagona turistik mahsulotga aylantiriladi. Urgut, Samarqand va Nurobod tumanlarining tog‘li hududlarida rekreatsiya zonalari tashkil etiladi, raqamli chipta, QR-gid, ko‘p tilli audiogid hamda sun’iy intellektga asoslangan turistik oqimni boshqarish tizimlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, strategiya loyihasida “Qishloq xo‘jaligi, suv samaradorligi va agrosanoat”, “Infratuzilma, urbanizatsiya va “Kengaytirilgan Samarqand” modeli”, “Inson kapitali, ta’lim va sog‘liqni saqlash”, “Ekologiya va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishlarida ham ustuvor vazifalar belgilangan.
Qayd etilishicha, strategiya “maqsad – harakat – natija” zanjiri asosida qurilgan. Har bir maqsad bo‘yicha ta’sir (impact), har bir vazifa bo‘yicha natija (outcome) va har bir chora-tadbir bo‘yicha bevosita faoliyat natijasi (output) ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish hajmi va manbalari hamda mas’ul ijrochilar aniq belgilab qo‘yilgan. Har bir tuman uchun muammolar, rivojlanish drayverlari, investitsiya loyihalari portfeli va infratuzilma ehtiyojlarini qamrab oluvchi “hududiy pasport” ishlab chiqiladi.
Strategiya ijrosi strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi hamda “Ijro.gov.uz” tizimi orqali monitoring qilinadi. 2028-yilda strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda oraliq baholash, 2031-yilning birinchi choragida esa yakuniy baholash o‘tkaziladi. Shuningdek, har yili mustaqil tadqiqotlar o‘tkazilib, natijalari jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.
Deputatlar belgilanayotgan vazifalar yuzasidan o‘z fikrlari, takliflarini bildirdi va Samarqand viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi ma’qullandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari