Samarqandda yangragan yoshlar ovozi siyosiy irodadan amaliy harakatlarga aylanadi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Yosh parlament a’zolarining XII global anjumani doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan yosh parlamentariylar inson huquqlari, adolat, yoshlarning siyosiy faolligi, ta’lim, munosib mehnat, raqamli xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi singari dolzarb masalalarni muhokama qildi.
<uzb> Oliy Majlis Senati Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslanova nufuzli anjumanga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Global konferensiya doirasidagi muloqotlar asnosida yoshlarning siyosiy hayotdagi o‘rni va ularning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki haqida fikr yuritdik.
Bu jarayon men uchun, avvalo, shaxsiy xotiradan boshlanadi. Telefonimda hamon bir surat saqlanib qolgan. Universitetning birinchi kursida o‘qib yurgan paytlarimiz huquq fakultetida tahsil olayotgan talabalar guruhi bilan Senat binosiga borganmiz. Suratda qariyb 90 nafar yosh bor va ular orasida yagona qiz men edim.

O‘sha paytda qizlarga huquq sohasini tanlash oson emasdi. "Bu kasb qizlarga to‘g‘ri kelmaydi," degan qarashlar ham uchrab turardi. Bugun esa oradan o‘n yil o‘tib, men Samarqand konferensiyasida yoshlarning ovozi, ularning huquq va imkoniyatlari haqida gapirayapman. Buni men O‘zbekistonda davlat siyosati natijasida ochilgan imkoniyatlarning bir ko‘rinishi deb bilaman.
Shu ma’noda, Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) 5-maqsadi – gender tengligi men uchun oddiy statistik ko‘rsatkich emas. U insonning o‘z qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun teng imkoniyatga ega bo‘lishi bilan bog‘liq.
Samarqanddagi konferensiya esa bu masalani yanada kengroq nuqtayi nazardan ko‘rish imkonini berdi. Chunki yoshlar uchun imkoniyat yaratishning o‘zi kifoya qilmaydi. Eng muhimi, ularning ovozi eshitilishi, fikri qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi va bu ishtirok doimiy mexanizmga aylanishidir.

O‘zbekistonda 2020-yilda tashkil etilgan Yoshlar parlamentlari bu borada muhim amaliy mexanizmlardan biri bo‘ldi. Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti turli hududlardan 100 nafar yoshni birlashtirib, ularga qonun ijodkorligi, parlament nazorati va jamoatchilik bilan muloqot jarayonlarida amaliy tajriba orttirish imkoniyatini yaratmoqda.
Bu, albatta, parlamentning muqobili emas. Aksincha, yoshlarning siyosiy jarayonlarga tayyorlanishi, mas’uliyatni his qilishi va kelajakda ishonchli liderlar sifatida shakllanishi uchun o‘ziga xos maktabdir.
Bugun biz yoshlar ishtirokining samarasini faqat o‘tkazilgan uchrashuvlar yoki tadbirlar soni bilan o‘lchamasligimiz lozim. Asosiy mezon – yoshlarning ovozi qarorlarga qay darajada ta’sir qilayotgani bilan bog‘liq.
Samarqanddagi muloqotlarning ahamiyati ham shunda. Yosh parlamentariylar nafaqat yoshlarga oid masalalarni, balki iqtisodiyot, byudjet, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi, tinchlik va xavfsizlik kabi butun jamiyat kelajagini belgilaydigan masalalarni ham muhokama qilmoqda. Chunki bugun qabul qilinayotgan qarorlarning oqibatlari bilan eng uzoq yashaydigan avlod ham aynan yoshlardir.
Men uchun eng muhim tamoyil juda oddiy: yoshlarga daxldor hech bir qaror ularning ishtirokisiz qabul qilinmasligi kerak.
Yoshlar – BRMning barcha maqsadlariga erishishdagi harakatlantiruvchi kuchdir. Samarqand global konferensiyasi ham ana shu g‘oyani yana bir bor namoyon etdi: turli mamlakatlar yosh parlamentariylarining ovozi eshitildi. Bu ovoz xalqaro muloqotdan milliy qarorlarga, siyosiy irodadan amaliy harakatlarga aylanadi.
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (surat),
O‘zA </uzb>