Samarqandda yangragan yoshlar ovozi siyosiy irodadan amaliy harakatlarga aylanadi
Samarqandda Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh parlamentariylar inson huquqlari, adolat, yoshlarning siyosiy ishtiroki, ta’lim, munosib mehnat, raqamli xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Oliy Majlis Senati Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslanova nufuzli anjumanga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Global konferensiya doirasidagi muloqotlar fonida yoshlarning siyosiy hayotdagi o‘rni va ularning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki haqida fikr yuritdik.
Bu jarayon men uchun, avvalo, shaxsiy xotiradan boshlanadi. Telefonimda hanuz bir surat saqlanadi. Universitetdagi birinchi kurs paytimizda huquq fakultetida tahsil olayotgan talabalar guruhi bilan Senat binosiga borganmiz. Suratda qariyb 90 nafar yosh bor va ular orasida yagona qiz men edim.

O‘sha paytda qizlarga huquq sohasini tanlash oson emas edi. “Bu kasb qizlar uchun emas”, degan qarashlar ham uchrardi. Bugun esa oradan o‘n yil o‘tib, men bugungi Samarqand konferensiyasida yoshlarning ovozi, ularning huquq va imkoniyatlari haqida gapirayapman. Buni men O‘zbekistonda davlat siyosati natijasida ochilgan imkoniyatlarning bir ko‘rinishi, deb bilaman.
Shu ma’noda, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ning 5-maqsadi – gender tengligi men uchun oddiy statistik ko‘rsatkich emas. U insonning o‘z qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun teng imkoniyatga ega bo‘lish bilan bog‘liq.
Samarqanddagi konferensiya esa bu masalani yanada kengroq nuqtai nazardan ko‘rish imkonini berdi. Chunki yoshlar uchun imkoniyat yaratishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi, ularning ovozi eshitilishi, fikri qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir qilishi va bu ishtirok doimiy mexanizmga aylanishidir.

O‘zbekistonda 2020-yilda tashkil etilgan Yoshlar parlamentlari bu borada muhim amaliy mexanizmlardan biri bo‘ldi. Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti turli hududlardan 100 nafar yoshni birlashtirib, ularga qonun ijodkorligi, parlament nazorati va jamoatchilik bilan muloqot jarayonlarida amaliy tajriba orttirish imkonini bermoqda.
Bu, albatta, parlamentning muqobili emas. Aksincha, yoshlarning siyosiy jarayonlarga tayyorgarligi, mas’uliyatni his qilishi va kelajakda ishonchli liderlar sifatida shakllanishi uchun o‘ziga xos maktabdir.
Bugun biz yoshlar ishtirokining samarasini faqat o‘tkazilgan uchrashuvlar yoki tadbirlar soni bilan o‘lchamasligimiz kerak. Asosiy mezon – yoshlarning ovozi qarorlarga ta’sir qilayotgani bilan bog‘liq.
Samarqanddagi muloqotlarning ahamiyati ham shunda. Yosh parlamentariylar nafaqat yoshlarga oid masalalarni, balki iqtisodiyot, byudjet, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi, tinchlik va xavfsizlik kabi butun jamiyat kelajagini belgilaydigan masalalarni muhokama qilmoqda. Chunki bugun qabul qilinayotgan qarorlarning oqibatlari bilan eng uzoq yashaydigan avlod ham yoshlardir.
Men uchun eng muhim tamoyil juda oddiy: yoshlarga daxldor hech qanday qaror yoshlarning ishtirokisiz qabul qilinmasligi kerak.
Yoshlar – BRMning barcha maqsadlariga erishishda harakatlantiruvchi kuch. Samarqand global konferensiyasi ham ana shu g‘oyani yana bir bor namoyon etdi: turli mamlakatlar yosh parlamentariylarining ovozi eshitildi. Bu ovoz xalqaro muloqotdan milliy qarorlarga, siyosiy irodadan amaliy harakatlarga aylanadi.
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (surat),
O‘zA