Samarqandda Turkiya Respublikasi kuni nishonlandi
29-oktabr – Turkiya Respublikasi tashkil topgan kun. 1923-yil ushbu sanada Mustafo Kamol Otaturk tomonidan Turkiya Respublikasi rasman e’lon qilingan.
Kecha nafaqat Turkiya, balki mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida ham Respublika kuni munosib nishonlandi.
Jumladan, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsulligi tomonidan uyushtirilgan tadbirda Samarqand viloyati va shahar hokimliklari mas’ullari, jamoatchilik vakillari, ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan turkiyalik tadbirkorlar va ushbu davlat vatandoshlari ishtirok etdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning videotabrigi namoyish etildi.
Samarqanddagi Bosh konsul Mehmet Majit, Turkiya oliy ta’lim kengashi prezidenti Erol O‘zvar, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tadbir qatnashchilarini Turkiya Respublikasi kuni bilan tabrikladi.
[gallery-32274]
– Bugun Turkiya Respublikasi kunini 86 million nafar vatandoshlarimiz qatorida xorijiy davlatlarda yashovchi 6 milliondan ortiq turkiyaliklar ham keng nishonlamoqda, – dedi Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsuli Mehmet Majit. – Bizga ham bugun 103 yillik bayramni ota yurtimizda nishonlash nasib etganidan baxtiyormiz. Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar mushtarak tarixga asoslangan va yorug‘ kelajakka olib boradigan teng manfaatli, qardoshlik munosabatlaridir. Davlatlarimiz, xalqlarimiz doim bir-biriga hurmat, birodarlik va hamkorlik ruhi bilan yondashgan. Biz ushbu do‘stlikka 2023-yil 6-fevralda mamlakatimizda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng Xatay viloyatidagi uy-joylarni qayta tiklashga O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam misolida yana bir bor guvoh bo‘ldik.
Marosimda barcha sohalarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari e’tirof etildi va bunda Samarqanddagi diplomatik vakolatxonaning ham munosib hissasi borligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari