O‘zbekiston va Qozog‘iston: strategik sheriklikni mustahkamlashda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalaniladi
Dushanbeda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlarining IV parlamentlararo forumi doirasida O‘zbekston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Qurultoyi Raisi Aybek Dadebay bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Savdo, iqtisodiyot, transport-logistika sohalarida, shuningdek, hududlararo hamkorlikni kengaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini parlamentlar tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Parlamentlararo hamkorlikning institutsional asoslarini takomillashtirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, qo‘shma parlamentlararo komissiya tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, 2027 - 2028-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, savdo-transport masalalarida hamkorlikni kuchaytirish, sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish sohalarida tajriba almashish taklif etildi.

Parlament qo‘mitalari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, davlat rahbarlari kelishuvlari ijrosini muntazam muhokama qilib borish, parlamentlar ayol a’zolari va yosh deputatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA