Samarqandda ichimlik suvi ta’minoti yangi bosqichga chiqmoqda
Samarqand viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilma loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. Xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan bunday sa’y-harakatlar aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani mamlakatimizga tashrifi doirasida Samarqand viloyatida bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, u Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Murtak” suv olish inshootini rekonstruksiya qilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Mazkur ob’ekt “Suv ta’minoti xizmatlari sohasini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida modernizatsiya qilinmoqda. Loyiha Jahon bankining 239 million dollar va Shveysariya hukumatining 7,8 million dollar miqdoridagi moliyaviy ko‘magi asosida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda. U Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo hamda Samarqand viloyatlarida suv ta’minotini yaxshilashni nazarda tutadi.

“Murtak” suv olish inshooti 11 ta quduqdan iborat bo‘lib, uning umumiy quvvati kuniga qariyb 67 ming kub metrni tashkil etadi. Inshootning barqaror ishlashi qariyb 90 ming aholi istiqomat qiladigan Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Tashrif chog‘ida Antonella Bassani Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova va “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov bilan birgalikda subloyihaning amalga oshirilish jarayonini muhokama qildi. Unda mahalliy aholi, sohada mehnat qilayotgan mutaxassislar hamda pudratchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Subloyiha doirasida 11 ta quduq faoliyatini takomillashtirish, nasos stansiyasi qurilishini yakunlash, suvni tozalash tizimini joriy etish, quyosh elektr stansiyasini barpo etish, ob’ektni to‘liq elektrlashtirish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish kabi qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar inshoot samaradorligini oshirish bilan birga, Samarqand viloyati aholisining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Loyihani 2026-yil sentabr oyida yakunlash rejalashtirilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA