Samarqand platformasidagi tashabbuslar amaliy natijalarga xizmat qiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda oid bir qator qonun loyihalari hamda parlament nazorati faoliyatiga doir masalalar muhokama qilindi.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov mamlakatimiz hayotidagi muhim voqeliklarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-may kuni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishining ochilish marosimida ishtiroki va ilgari surgan tashabbuslariga urg‘u berdi.
Qayd etilganidek, “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tkazilgan forumda raqamli va “yashil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, ishlab chiqarish ta’minoti zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida buyuk tarix va yorqin kelajakni o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib borayotganini qayd etdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, ekologik muammolar oqibatini yumshatish masalalariga e’tibor qaratilibi, “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif etildi. Umuman, Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishida ilgari surilgan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Spiker Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi haqida ham to‘xtalib, Chexiya Respublikasi bilan aloqalar mustahkamlanb borayotganini urg‘uladi. Bu borada parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, do‘stlik guruhlari faoliyatini jadallashtirish zarurligini qayd etdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA