O‘zbekiston Chexiya: Iqtisodiy diplomatiyaning yangi yutuqlari
O‘tgan hafta mamlakatimiz tashqi siyosatida yana bir muhim voqelik sodir bo‘ldi. Yevropaning rivojlangan davlatlaridan biri – Chexiya Respublikasi bilan aloqalar yangi bosqichga kirdi. Ya’ni, ushbu davlat Bosh vaziri Andrey Babish yurtimizga rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tarixiy safar, muloqotlar davomida erishilgan qator kelishuvlar haqida mahalliy va xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar juda iliq fikr bildirmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishi jarayonini tadqiq etish ilmiy-tahliliy markazi direktori Adham Mamajonov mavzu yuzasidan O‘zAga intervyu berdi.
– Ushbu tashrif O‘zbekistonning Yevropa davlatlari, xususan Chexiya bilan siyosiy, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan izchil tashqi siyosati amaliy ifodasi, shu bilan birga avvalgi yillarda shakllangan hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik, muntazam siyosiy muloqot hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdi. Global xavfsizlik, barqaror rivojlanish, transport-kommunikatsiya yo‘laklarini takomillashtirish kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama markazida bo‘ldi. Shu tariqa davlatlarimizning xalqaro maydondagi qarashlari tobora yaqinlashmoqda.
Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tovar ayirboshlashni mahsulot turini ko‘paytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish, o‘zaro oldi-sotdi hajmini oshirish hamda sarmoyaviy loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi. Ayniqsa, sanoat kooperatsiyasi, energetika, mashinasozlik, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida sheriklikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Chexiya kompaniyalarining yurtimizdagi investitsiya loyihalaridagi ishtirokini kengaytirish, zamonaviy texnologiyani joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish masalalariga keng o‘rin ajratildi.
Umumiy savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filialini tashkil etish, xorijlik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartiga mansub avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurish loyihalari ham muhokama qilindi.
Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xom ashyo, kimyo, farmatsevtika sohalarida yangi loyihalarni ilgari surishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturi ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, muzokara davomida infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish yo‘nalishlarida mavjud kooperatsiya istiqboliga alohida e’tibor qaratildi.
Transport va logistika infratuzilmasini takomillashtirish, O‘zbekiston orqali Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tranzit imkoniyatini kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi. Bu esa mamlakatimizning mintaqaviy transport tuguni sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gumanitar sohada hamkorlikni rivojlantirish mavzusi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Xususan, ta’lim va ilm-fan aloqalarini kengaytirish, talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi. Shu tariqa uzoq muddatli istiqboldagi aloqalar uchun mustahkam poydevor yaratiladi.
Davlatimiz rahbari va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzoladilar. Iqtisodiyot, sanoat, ilm-fan, texnologiya, geologiya sohalariga oid, shuningdek elektr poyezdi yetkazib berish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Umuman, Andrey Babish boshchiligidagi delegatsiya tashrifi O‘zbekiston – Chexiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiy aloqa kzlamini kengaytirish va siyosiy muloqotni chuqurlashtirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir. Mazkur tashrif natijasi yaqin kelajakda amaliy loyihalar, qo‘shma tashabbuslarda ifodasini topishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.