Saida Rametova: “Bibixonim, Uvaysiy rollarini ijro etib, o‘zimni o‘zgartirishga harakat qilganman”
O‘zA muxbiri O‘zbek Milliy akademik drama teatri va kino aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametova bilan suhbatlashdi.
– Siz xalq ardog‘idagi san’atkorsiz. Ilk bor kinoda sizni o‘rta yoshdagi qahramonlar obrazida ko‘rganmiz. Aytingchi, aktyorlik sizning taqdiringizga yozilganini qachon bilgansiz?
— Yoshligimdan ashulalar aytardim, rollar ijro etib, kompozitsiyalar qilardim. "Boy ili xizmatchi", "Yo‘lchi yudluz" kabi kitoblarni o‘qiganimda, "Bahor qaytmaydi", "O‘tkan kunlar"dagi obrazlarni ko‘rib havasim kelardi. Mahalladagi bolalar, qarindosh-jiyanlar bilan birgalikda sahna ko‘rinishlari qo‘yardik. Maktabda qanday ma’rifiy tadbirlar bo‘lsa, hammasida faol qatnashardim, u yerda ham o‘zim sahnalashtirardim, qo‘shiq aytardim, tanlovlarda qatnashib, birinchi o‘rinlarni olganman. Lekin bundan uydagilarning xabari yo‘q edi, faqat onam bilardilar. U paytlari san’atkor yoki aktrisa bo‘lish, qo‘shiq aytish uyat hisoblanardi. "Voy dod! Aktrisa bo‘lasanmi, bizni uyatga qo‘yasanmi? San’atkorning obro‘si yo‘q!", degan fikrda edi odamlar o‘sha paytda. O‘zim ham hech qachon san’atkor bo‘laman deb o‘ylamaganman. Bu kasbni juda yaxshi ko‘rsam ham, uydagilar bunga rozi bo‘lmasligini bilardim.

Maktabni bitirib, oliygohga topshirmadim, oilamga yordam berish uchun do‘konda ishladim. Yaxshi ishlaganim uchun dugonam ikkimizni Toshkentga o‘qishga jo‘natishgan. O‘sha yerda bir yil o‘qib, diplom olib, yana Samarqandga qaytib ishlashimiz va Samarqanddagi kooperativ institutning kechki bo‘limida o‘qishimiz kerak edi. Lekin mening san’atga bo‘lgan qiziqishim bor edi. Ustoz san’atkorlar Sora Eshonto‘rayeva, Rixsi Ibrohimova, Yayra Abdullayeva, Zaynab Sadriyeva, Lutfixonim Sarimsoqova, Gulchehra Jamilova kabi aktrisa bo‘laman, kelajakda xalq artisti darajasigacha yetaman, degan istagim bo‘lardi.

O‘qishdagi ma’naviy tadbirlarda faol ishtirokim uchun rahbariyatimiz menga har oy bir marta 30 ta kursdoshimni teatrga olib borish topshirig‘ini berdi. Kelib erkin mavzuda insho: qaysi teatrga borganimiz, qanday spektakl ko‘rganimiz, kimlar rol ijro etgani, qaysi qahramon ma’qul bo‘lgani, spektakl nima to‘g‘risidaligini yozishimizni aytdi. Bu, albatta menga juda ma’qul bo‘ldi. Xullas, har oy kursdoshlarimni teatrga olib bordim va shunda san’atkor bo‘laman, degan qat’iy qarorga keldim. Bu ellik yil oldin bo‘lgan voqealar. Bir kuni Hamza teatri (hozirgi Milliy teatr)ga "Ko‘rmayin bosdim tikanni" nomli zo‘r spektaklga bordik. Rollarni O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov va Gulchehra Jamilova ijro etgan. Aynan talabalar haqidagi spektakl bizga juda yoqdi. Shundan so‘ng aktrisalikka ishtiyoqim yanada oshdi. Toshkent Teatr va rassomchilik institutga o‘qishga topshirganman, lekin uydagilarga aytmaganman. Chunki baribir menga ruxsat berishmasdi. Xullas, yuqori ball bilan Teatr va rassomchilik institutiga kirganman.
– Qaysi rolingiz karerangizda burilish nuqtasi bo‘lgan?
– 1980 yili o‘qishni bitirib, hozirgi O‘zbek davlat drama teatriga ishga kelgan bo‘lsam, doim yosh qizlarni rolini ijro etganman. Lekin kinoga haqiqatdan ham 35-40 yoshlar atrofida kelib, bir-biridan zo‘r qaynona, amma, xola rollarini ijro etganman. Tomoshabinlarning aytishicha, ularning yuragini zabt etgan va kareramda aynan burilish yasagan va meni ko‘pchilikka tanitgan rol – bu "Superkelinchak" filmidagi rolim bo‘ldi. Bu film rus va ingliz tillarida ham namoyish etilgan.
– Siz ongli ravishda voz kechgan rollar bo‘lganmi?
– Kinoda ham, teatrda ham, seriallarda ham ongli ravishda rollardan voz kechgan vaqtlarim bo‘lgan. Chunki turmush o‘rtog‘im - Jumadilla Rametovning rashki kuchli edi. Salbiy rol ijro etib, tomoshabinlarning ko‘nglini sovutishdan hamda erta-indin quda-andachilik bor deb ikkita tarbiyalayotgan o‘g‘limni uyaltirib qo‘yishdan o‘zimni tiyardim. Lekin bundan pushaymon emasman. Ushanda to‘g‘ri qilgan ekanman deyman.
– Kinoda suratga tushish teatrda ishlashdan nimasi bilan farq qiladi?
– Bitta filmning dunyoga kelishi, u kuchli yoki sayoz bo‘ladimi, oson emas. Unga qancha aktyor, mablag‘, texnik xodimlar, grimyor, libos ustasi, operatorlar - juda ko‘p odamlar jalb etiladi va katta mas’uliyat bilan yondashiladi. Har bir davrning o‘z aktyorlari va muammolari bo‘ladi. Har bir davrda tomoshabinning talablariga javob beradigan filmlar yaratiladi. Lekin biz bilmaymiz, ertaga qaysi film yeki qaysi muammoni yoritish kerakligini. Nimanidir rejaga kiritib qo‘yishingiz mumkin, lekin bu rejangiz ertaga o‘zgarib ketadi. Birdaniga buyurtma tushishi mumkin: taniqli sportchi yeki tarixiy film olishimiz to‘g‘risida. Mamlakatimizda aktyor ko‘p va ularning hammasini rol bilan ta’minlash oson emas. Hozirda ko‘proq tarixiy filmlar, jadidlar yoki bizdan oldin yashab o‘tgan ustozlar haqidagi filmlar olish talab qilinyapti. Har bir aktyor tarixiy filmda rol ijro etishni xohlaydi. Mening fikrimcha tarixiy filmlarni yanada ko‘proq suratga olish kerak. Chunki buyuk ajdodlarimiz juda ko‘p. Shular haqida filmlar olinsa, deyman. Sportda katta yutuqlarga erishayotgan insonlar haqida filmlar olinsa, bu yoshlarga motivatsiya beradi. Ularni ko‘rib yoshlar jamiyatga kerakli inson bo‘lib yetishishga harakat qiladi. Yaxshi filmlarimiz, yaxshi rejissyorlarimiz, yaxshi aktyorlarimiz ko‘p. Biz dunyo sahnalariga chiqyapmiz.
– Bugungi kunda milliy kinoindustriyaga nimalar yetishmayapti?
– Ijro etgan rollarimni o‘zimdan o‘tkazib ijro qilaman. Har bir san’atkor uchun o‘zi o‘ynagan rol juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Rol o‘ynayotib, shu qahramonim qilgan xatolarni o‘zim qilib qo‘ymay, yuzim yorug‘ bo‘lsin, deb harakat qilamiz. Masalan, Bibixonim, Uvaysiy rollarini ijro etib, ularning ko‘p yaxshi tomonlarini: mardligi, mehnatsevarligi, ilmli-bilimli bo‘lib, oilasi, bolalariga hamma tomonlama ibrat bo‘lgan obrazlardan ko‘p narsalarni o‘rganganman. Ularni ijro etib, o‘zimni o‘zgartirishga harakat qilganman. Qaynona rollarini ko‘p ijro etganman. Shuning uchun mendan har doim "Siz oilada qanday qaynonasiz?" – deb so‘rashadi. "Yaxshi qaynonaman" - deb javob beraman. Chunki yomon qaynona bo‘lishga haqqim yo‘q. Yaxshi qaynona rolini ijro etayapmanmi, tomoshabinni yaxshilikka chorlayapmanmi, demak shunga mos bo‘lishim kerak. Qaynona bilan kelin orasidagi munosabat oilani saqlab qolish uchun juda muhim. Kinodagi xatolarimga hayotda yo‘l quymaslikka harakat qilaman. Ikkita kelinim bor, ularga hech qachon yomon gapirmaganman. Ular bilan ona-boladek, opa-singildek, dardkash bo‘lishga, ularni tushunishga harakat qilaman. Ijro etgan rol avvalambor artistni tarbiya qilishi kerak. Kinoda boshqa, hayotda esa boshqa bo‘lib, gap-so‘zga qolishdan qurqaman.
– Sizni inson sifatida o‘zgartirgan qahramonlar bormi?
– Bahodir aka Yo‘ldoshev buyuk rejissyor, buyuk inson va aktyor edilar. Mingdan ming roziman shunday inson bilan teatrda hamnafas bo‘lib ishlaganimdan. Ular menga ishonib katta rollarni topshirganlar. Saida Rametova bo‘lib tanilganimda, dunyo kezishimda Bahodir Yo‘ldoshev, Baxtiyor Ixtiyorov, Po‘lat Fayziyev, Ubaydulla Omonlarning yordami katta.
–Kino yoki spektaklda siz uchun qaysi biri muhimroq - ssenariymi, rejissyormi yoki jamoa?
–Hammasi zarur, hammasi kerak: ssenariy, jamoa, rejissyor. Bir asarni suratga olish uchun hammasi mukammal bo‘lishi kerak. Lekin agar ular orasida eng muhimini tanlash kerak bo‘lsa, albatta bu ssenariy degan bo‘lardim. Yaxshi ssenariy bo‘lsa, unda rejissyor ham, aktyor ham, jamoa ham shunga mos ijod qiladi.
–Tanqidni qanday qabul qilasiz?
– Tanqidni to‘g‘ri qabul qilishga harakat qilaman, agar o‘sha tanqidni ichida haqiqat bo‘lsa. Kimdir sizning yutug‘ingizni ko‘rolmay, sizga zarar yetkazmoqchi bo‘ladi, mahoratingizdan qing‘ir-qiyshiq tomonlarini topishga urinadi. Bu sizni kamsitishga yeki noto‘g‘ri tanqid qilib qo‘yishiga olib kelishi mumkin. Bunaqa tanqidlarni qabul qilmayman. Chunki o‘zimning kamchiliklarimni, yutug‘imni bilaman. Bir-birimizning yutug‘imizdan xursand bo‘lishni, to‘g‘ri tanqid qilishni o‘rganishimiz kerak.
–Ayollardagi qaysi fazilatlarni alohida qadrlaysiz?
–Ayol o‘z nomi bilan ayol. Ayol borki, olam munavvar. Biz ayollarning joni temirdan ham qattiq, lekin yuragimiz guldan ham nozik. Ayol judayam murakkab shaxs. Ayolni Parvardigor shunday qilib yaratganki, u hammaga kerak: turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga, qudalariga, kelin-kuyovlariga, nevara-evaralariga - hammasiga kerak. Shuning uchun ayol kuchli, sabrli, chidamli, hamma narsaga e’tiborli bo‘lishi, hech qachon mehnatdan qochmasligi, yuragi baquvvat bo‘lishi kerak, kelajakda hamma orzu-havaslarimga erishaman degan ishonch bilan yashashi lozim. Murg‘akkina, nozikkina ayol qalbi hech qachon ozor chekmasin. Guldek nozik yuragi hech qachon shikastlanmasin, uyim-joyim, bola-chaqam deb ularga mehrini bersin. "Mehr bersang – mehr olasan", deydi dono xalqimiz. Ayollarni asrab avaylash kerak. Ayolning eng katta baxti va unga bo‘lgan eng katta e’tibor – bu sevgi, muhabbat va onda-sonda sovg‘a. Ayol kuchli bo‘lsagina, oldiga qo‘ygan hamma maqsadlariga erishadi.
–Rejissyorlik yoki prodyuserlikda o‘zingizni sinab ko‘rishni xohlarmidingiz?
–Juda yaxshi savol. Kino, teatr va ko‘rsatuvlar qilib, rejissyorlikda ham, prodyuserlikda ham o‘zimni sinab ko‘rganman va uddalaganman.
–Sahnadan tashqarida sizni nima chinakamiga baxtli qiladi?
–Orzu-niyatlarimga erishsam, oilam tinch bo‘lsa. Eng keraklisi – oila. Oila mustahkam bo‘lsa, oilang tinch bo‘lsa, tashqarida hammasi yaxshi bo‘ladi.
–Faoliyatingiz davomida sizni teatr tomoshabinini emas, balki to‘yni ma’qul ko‘radi, degan sabab bilan teatrdan chetlatishgan ekan. To‘y xizmatlaridan zavq olasizmi?
–To‘ylar, tadbirlar, yaxshi kunlar, insonlardan, juda chiroyli katta bayramlardan zavq olaman. Chunki to‘y orzu-havas bilan o‘tkaziladi. Tadbirlarga yuragimni qo‘shib, o‘zimni ayamasdan, jonim bilan xizmat qilaman. "Chimildiq" spektakli kelin-salomlarga chiqishimga sabab bo‘lgan. Chunki u yerda laparlar, yallalar, yor-yorlar ijro etganmiz. Nimaiki qilgan bo‘lsak, hammasi foydamizga, yaxshilikka ishlagan. San’at o‘zi yaxshilikka xizmat qilishi kerak. Teatrdan o‘zim ketganman. O‘sha kuni teatrda o‘ynashim kerak bo‘lgan, lekin Samarqandda qarindoshimizning to‘yiga chiqishim kerak edi, dublyorim bilan kelishib, ketaman deb turganimda "Yo‘q, bugun sahnaga chiqasan" deb turib olishdi. Hech kimni yomonlamayman, hammayam xato qiladi. Xullas o‘sha kuni bormasam qarindoshlarim xafa bo‘lishini bilib, dublyorimga: "Bugun siz o‘ynang, men kettim. Bugun o‘zi siz o‘ynashingiz kerak edi. Mening bo‘sh kunimga qarab to‘y tashkil qilingan", dedim. Nima sababdan shunday bo‘ldi bilmayman. Ertasiga qaytib kelganimda, majlisda mening masalam ko‘rilishini aytishdi. Ushanda men "Keragi yo‘q, ustozlarni meni deb ovora qilmanglar", - dedim. Demak teatrdan ketishim kerak ekan, o‘zim ariza yozib ketaman dedim. Ikki yil teatrda ishlamadim. Nazarimda gunohim yo‘qligini, teatrga kerakligimni, tuhmatga qolib ketganimni bilishdi, shekilli. Teatrga qaytganimga o‘n yildan oshdi. Nimaga erishgan bo‘lsam, muxlislarim, hamkasblarim bilan erishdim. Hammalarini juda yaxshi ko‘raman. Ko‘pchilik ketganimda xafa bo‘ldi, qaytganimda xursand bo‘ldi. Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Allohning o‘zi oqni oq qilib, qorani qora qilib, yuzaga chiqaradi.
–Faoliyatingizda hamma narsani tashlamoqchi bo‘lgan paytingiz ham bo‘lganmi? Ushanda hayotni davom ettirishingizga nima yordam bergan?
–O‘zbek davlat drama teatrida rahmatli ustozimiz Bahodir Yuldoshev bosh rejissyor bo‘lgan paytda men doim bosh rollarni ijro etganman. U kishi meni san’atkor, aktrisa va bir oilani boshqaradigan ayol sifatida judayam hurmat qilardilar. Men baxtli aktrisaman. Yaxshi rejissyorlar, ustozlar bilan ishladim. Menga qalkon, kamarbasta bo‘lgan turmush o‘rtog‘im Jumadilla Rametov bilan baxtliman. Teatrdan ketganimda Bahodir aka "Teatrimning gulini yo‘qotgan ekanman", degan ekanlar. Ko‘p bor qaytishimni so‘ragan. 30 yildan beri O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlab kelyapman. Jumadilla Rametovdan minnatdorman. Meni tushunganlari uchun, menga har tomonlama imkon berganlari uchun. Nima niyat qilgan bo‘lsam, hammasiga erishdim. Shuncha mukofotlar oldim. O‘tgan 2025 yil kichik mehnatim katta mukofotga - O‘zbekiston xalq artisti unvoniga munosib ko‘rilgani meni yanada baxtiyor kildi. Yurtboshimizga, xalqimga, teatrimga, hamkasblarimga, oilamga rahmat aytaman. Duogo‘yim 90 yoshga kirgan onam qanchalik xursand bo‘lganini ko‘rsangiz edi. Meni qo‘llab kelgan qaynota va qaynonamdan minnatdorman. Faqat yuragimda bitta bo‘sh joy bor - bu turmush o‘rtog‘imning Alsgeymer kasaliga chalingani. Ular ham 45 yil hayotini sahnaga bag‘ishlaganlar. Biron marta teatrga xiyonat qilmaganlar. Kelgusi rejalarim - yurtimga kerakli bo‘lay, san’atim bilan xizmat kilay deyman.
– Qachonlardir tomoshabinlar Abror Hidoyatov, Shukur Burxonov, Zaynab Sadriyeva, Obid Yunusov kabi buyuk aktyorlarni g‘animat bilib, ularning aktyorlik mahoratini ko‘rish uchun teatrga tushgan ekan. Siz teatrdan chetlashtirilgan paytlari tomoshabinlar “Andishali kelinchak” spektaklida aynan sizni ko‘rishni istashgan. Shu tufayli siz sahnaga yana qaytgansiz. Kino va teatr tomoshabinni tarbiyalashga qanday hissa qo‘shadi?
– Videoplatformalar, kino, seriallar bo‘lmagan paytlarda tomoshabin aktyorlarni ko‘rish uchun teatrga kelgan. Lekin hozir uyda o‘tirib ham mazza qilib internet orqali xohlagan narsamizni tomosha qilamiz. Shunday ekan bizga ancha qiyin. Lekin nafaqat bizning teatrda, boshqa teatrlardayam shunaqa aktyorlar bor, aynan ularni ko‘rish uchun tomoshabin keladi. Tomoshabinlar meni "Andishali kelinchak"da yaxshi ko‘rgan ekan, demak undagi rol men uchun yozilgan. Lekin dublyorlarim ham yaxshi uynagan. Agar tomoshabin aynan qaysidir aktyor uchun kelayotgan bo‘lsa, bu san’atkor uchun katta baxt. "Andishali kelinchak"ning sahnaga chiqqaniga 20 yildan oshdi. Haligacha tomoshabini ko‘p. Chunki spektaklning o‘zi yaxshi, tarkib rollarini yaxshi ijro etadi. Pesa muallifi Erkin Xushvaqtov, rejissyor Munavvara Abdullayevalarning xizmati bu. Menimcha, spektakldagi voqealar ko‘pchilik oilalarda uchrab turadi, shuning uchun yaxshi ko‘rishadi. Teatr, kino hammasi tarbiyaviy bo‘lishi, yaxshilikka xizmat qilishi kerak, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi lozim. Teatrga kelgan tomoshabin yomon rollardan ibrat olmasin. Biz nima uchun hayotning yomon taraflarini ham ko‘rsatamiz? Odamlarga saboq bo‘lsin deymiz. Masalan, shu "Andishali kelinchak"ka qaynona-kelinlar ko‘p kelishardi, spektakldan keyin sahnaga chiqib bizga rahmatlar aytishardi. Yoki shu spektaklni ko‘rib, ajralish arafasida turgan er-xotinlar oilasini saqlab qolgan vaqtlar ham bo‘lgan.
– Sizni ilhomlantiradigan ayollar bormi (kinoda yoki hayotda)? Aktyorlik kasbini orzu qilgan qizlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
–Menga ilhom bergan chiroyli va kelishgan aktrisalar bu Gulchehra Jamilova va Gulchehra Sa’dullayeva bo‘lgan. Ularga o‘xshashni havas qilganman. Aktrisa bo‘laman degan qizlarga aytmoqchimanki, harakat qiling, chiroyli rollar ijro eting, sizlarga tushunadigan yaxshi turmush o‘rtoq uchrasin, ishlashingizga ruxsat bersin, sizni hurmat qilsin, madad bo‘lsin. Ammo siz ham har tomonlama uni tushunishga harakat qiling. Oilaga, ishga, farzandlaringizga – hammasiga ulgurishga harakat qiling, shularni qilishga majbursiz. Agar shularni eplasangiz, albatta, turmushda ham, san’atda ham muvaffaqiyatga erishasiz.
–Shu yil siz yuksak unvon – O‘zbekiston xalq artisti maqomiga sazovor bo‘ldingiz. Orzularingiz bormi?
–Men baxtli ayolman, aktrisaman, baxtli onaman. Orzu-niyatlarimga erishdim. Ko‘p mukofotlar oldim. Dunyo kezdim. Buyog‘iga ham mehnat qilib, jamiyatga kerakli inson bo‘lib yurish nasib qilsin. Peshonamizga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘ramiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin. Butun dunyo tinch bo‘lsin. Hamma xalqlar bir-biri bilan inoq bo‘lsin. Hamma niyatiga yetsin. Farzandlarimiz baxtli bo‘lsin, bizdan-da bilimli, ilmli, o‘qimishli bo‘lsin. Eng keragi sog‘lik, tinchlik. Muxlislarim sog‘-omon bo‘lsin. Yurt uchun mehnat qilib charchamaylik.
Lira Shafiq suhbatlashdi.
O‘zA