«Sabah» dramatik o‘yinda «Xapoel»dan ustun kelib, CHempionlar ligasiga chiqdi. Umarali Rahmonaliyev gol urdi!
Bokudagi Tofiq Bahromov nomidagi stadionda o‘tgan javob bahsida mezbonlar qo‘shimcha vaqtlar yakuniga ko‘ra 5:2 hisobida zafar quchdi.
Ozarbayjonning «Sabah» jamoasi Chempionlar ligasi saralashida Isroilning «Xapoel Beer-Sheva» klubini ortda qoldirdi.
Bokudagi Tofiq Bahromov nomidagi stadionda o‘tgan javob bahsida mezbonlar qo‘shimcha vaqtlar yakuniga ko‘ra 5:2 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuvda hisobni mehmonlar ochdi. 10-daqiqada Igor Zlatanovich «Xapoel»ni oldinga olib chiqdi. 38-daqiqada Kristian Nvachukvu javob golini kiritib, muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda Gay Mizraxi Isroil klubini yana hisobda oldinga chiqardi. Biroq 74-daqiqada O‘zbekiston vakili Umarali Rahmonaliyev muhim pallada gol urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. O‘zbekistonlik futbolchi 83-daqiqada maydonni tark etdi.
Asosiy vaqt yakunida «Sabah» bosimni yanada kuchaytirdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada Tellur Mutallimov gol urib, hisobni 3:2 qildi. Ikki uchrashuv natijasi tenglashgach, g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha vaqt belgilandi.
Qo‘shimcha bo‘limlarda ozarbayjonliklar raqibga imkoniyat qoldirmadi. 101-daqiqada Orfe Mbina, 115-daqiqada esa Joy-Lens Mikels to‘p kiritib, «Sabah»ning 5:2 hisobidagi g‘alabasini rasmiylashtirdi.
Shu tariqa, «Sabah» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:4 hisobida ustun kelib, Chempionlar ligasiga yo‘l oldi.