Qozog‘istonlik 15 yoshli futbolchi "Barselona" safida debyut qildi
Mendixanov "La Masiya" akademiyasida tashkil etilgan yopiq mashg‘ulot uchrashuvida qatnashgan.
Qozog‘iston futbolining yosh iqtidorlaridan biri Karim Mendixanov "Barselona" safidagi ilk o‘yinini o‘tkazdi. 15 yoshli vinger Kataloniya klubining U-16 jamoasi — "Kadet A" tarkibida maydonga tushdi.
Mendixanov "La Masiya" akademiyasida tashkil etilgan yopiq mashg‘ulot uchrashuvida qatnashgan. Futbolchi bahsdan olingan suratlarni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylab, "Debyut", deya qisqa izoh qoldirgan.
Yosh futbolchining "Barselona"gacha bo‘lgan yo‘li ham e’tiborga molik. Uralskda tug‘ilgan Mendixanov bir necha yildan buyon Ispaniyada yashab, futbol sirlarini shu mamlakatda o‘rganib kelgan. U Kataloniyaning "Serdanyola" va "San-Kugat" yoshlar jamoalarida o‘ynab, "Barselona" seleksionerlari nazariga tushgan.
Mendixanov joriy yilning iyul oyida "La Masiya"da ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgach, Kataloniya klubi bilan uch yillik shartnoma imzolagan edi. Endilikda u "Barselona" akademiyasi tizimida o‘z faoliyatini davom ettiradi.