Ruhiy salomatlik va narkologiya xizmati takomillashtiriladi
Poytaxtimizda mamlakatimizda narkologiya va psixiatriya xizmatini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga oid dastur loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi va respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbariyati, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning giyohvandlar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, YUNISEF va CADAP-8 kabi xalqaro tashkilotlar vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Dastur loyihasi doirasida narkologiya va psixiatriya xizmatini markaz, hudud, tuman, shahar, mahalla, oila tamoyili asosida tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bolalar psixiatri, narkolog, tibbiy psixolog hamda hamshiralardan iborat maxsus brigadalar kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, davolash va bemorlarni ijtimoiy moslashtirish bilan shug‘ullanadi. Oila shifokorlari muammolarni aniqlab, bemorlarni tor soha mutaxassislariga, zarur hollarda esa hududiy tibbiyot muassasalari yoki respublika darajasidagi markazga yo‘naltiradi.

Hujjatda bemorlar parvarishining yangi shakllari ham ko‘rsatilgan. Xususan, 2027-yilning sentabridan boshlab kunduzgi qatnov va uyda parvarishlash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish taklif etilmoqda. Shuningdek, dastur loyihasida Bolalar ruhiy salomatligi markazi hamda Addiktologiya tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya markazini tashkil etish rejalari ham o‘z aksini topgan.
Loyiha profilaktikani kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olgan. Xususan, bolalarda muloqot qilish, stress va qiyin hayotiy vaziyatlarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini rivojlantirish, joylarda muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish uchun oila, mahalla, pedagoglar hamda tibbiyot xodimlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Yangi dastur loyihasi idoralararo hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratib, har bir bemorning individual ehtiyojlarini inobatga olgan holda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarni davolashda kompleks yondashuvni ta’minlaydi. Dasturda belgilangan chora-tadbirlar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, turli idora va tashkilotlarning yaqin hamkorligi muammolarni erta aniqlash va samarali bartaraf etish imkonini beradi.

Narkologiya va psixiatriya yordami yangi modelini joriy etishda mutaxassislarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, 2027-yildan boshlab xodimlarning ayrim toifalari uchun faoliyat samaradorligidan kelib chiqib, lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida ustama belgilanishi, olis hududlardagi tegishli mutaxassislarga esa uy-joy ijarasi xarajatlari qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy yondashuvlarni mahalliy sharoitlarga moslashtirishda xalqaro ekspertlar bilan ham yaqin hamkorlik qilindi. Yaqinda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi bayonnoma va qo‘llanmalari ishlab chiqilib, mahalliy mutaxassislar ularni chuqur o‘rganib chiqdi.
Shu bilan birga, 2027-yilning yakuniga qadar Respublika ruhiy salomatlik markazi negizida situatsion markazni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish, tibbiyot muassasalari faoliyatini masofadan turib tahlil qilish hamda raqamli boshqaruv mexanizmlarini joriy etish imkonini beradi.
Tadbir yakunida xalqaro ekspertlar dastur loyihasi va tegishli yo‘l xaritasini takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi hamda hamkorlik va texnik ko‘mak ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA