Rossiyadagi benzin tanqisligi urushga ta’sir qiladimi? (+video)
Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari ortidan mamlakatning ko‘plab hududlarida yoqilg‘i tanqisligi yuzaga keldi, deyiladi DW tarqatgan xabarda
Ayrim viloyatlarda benzin sotuviga cheklovlar joriy etilgan. Mutaxassislar bu holat urushga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida fikr bildirmoqda.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina zarbalari natijasida Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlarining qariyb 25 foizi to‘liq yoki qisman ishdan chiqqan.
«Verstka» nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, yoqilg‘i ta’minotidagi muammolar Rossiyaning 78 ta hududiga ta’sir qilgan. Shundan 29 tasida rasman cheklovlar joriy etilgan. Eng og‘ir vaziyat Qrimda kuzatilmoqda. Bu yerda maxsus transportdan tashqari barcha uchun benzin savdosi to‘xtatilgan. Shuningdek, elektr ta’minotiga ham vaqtincha cheklovlar kiritilgan.
Rossiyaning markaziy va janubiy hududlarida benzin sotishga limitlar belgilandi. Navbatlar hatto Sibir va Uzoq Sharqda ham paydo bo‘ldi.
Qrimda vaziyat ancha og‘ir. U yerda xususiy shaxslar va tijorat tashkilotlariga benzin sotish to‘liq to‘xtatildi. Yoqilg‘i yetishmovchiligi jamoat transporti va oziq-ovqat ta’minotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim hududlarda avtobus qatnovlari qisqartirilgan yoki bekor qilingan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu holatni izohlar ekan, Kiyev Rossiyada energetika ta’minotiga va turistik mavsumga salbiy ta’sir ko‘rsatishga urinayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu hujumlar frontdagi vaziyatni o‘zgartirmaydi.
Harbiy tahlilchi Ruslan Leviyevning fikricha, Ukraina dronlarining aksariyati yo‘q qilinayotgan bo‘lsa-da, hujumlar ko‘lami ortib bormoqda. U shuningdek, Rossiyaning asosiy muammosi havo mudofaa tizimlari va ular uchun o‘q-dorilar yetishmasligi ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Rossiya hududi juda katta bo‘lgani uchun uni to‘liq havo mudofaasi bilan qoplash deyarli mumkin emas. Moskvadagi baland binolar ham dronlarning radarlardan yashirinib harakatlanishiga yordam berishi mumkin.
Mutaxassislar umumiy xulosa sifatida, yoqilg‘i tanqisligi Rossiya uchun logistika va iqtisodiyotga qo‘shimcha bosim yaratayotganini, ammo bu omilning urushning borishiga qay darajada ta’sir qilishi vaqt o‘tishi bilan ma’lum bo‘lishini qayd etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6Z6sDpc9PWI" title="Rossiyadagi benzin tanqisligi urushga ta’sir qiladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA