Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi kuzatilmoqda (+video)
Ukrainaning Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari Rossiyaning 53 ta hududida yoqilg‘i ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘ldi, deb xabar berdi Euronews
Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash infratuzilmasiga bergan zarbalari Rossiya yoqilg‘i bozorini tizimli ravishda izdan chiqaruvchi omilga aylandi.
Ukraina Rossiya hujumlariga javob choralaridan biri sifatida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi va iqtisodiyotning strategik tarmoqlariga aniq nishonlangan zarbalar berishni davom ettirmoqda.
Moskvadagi ob’ektlar, jumladan Kapotnya neftni qayta ishlash zavodi zarbaga uchradi. Asosiy qurilmalarning shikastlanishi, yong‘inlar va texnologik liniyalarning to‘xtashi qayta ishlash hamda logistikada katta uzilishlarga sabab bo‘ldi. Natijada Moskva, Sankt-Peterburg, Volga bo‘yi, Janub, Sibir, Qrim va Ukrainaning boshqa bosib olingan hududlarini qamrab olgan 53 ta hududda yoqilg‘i tanqisligi yuzaga keldi.
Xalqaro manbalar urush boshlanganidan buyon eng katta pasayishni qayd etmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi oxiriga kelib Rossiya markaziy qismidagi yirik neftni qayta ishlash zavodlarining ko‘pchiligi ishlab chiqarishni qisqartirishga yoki to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Shu bilan birga aviatsiya kerosini narxi yil boshidan buyon 41 foizga oshdi. Aeroportlar samolyotlarga yoqilg‘i quyishni me’yorlashtirishni boshladi, bu esa tizimli muammolarning yana bir belgisi bo‘ldi.
Bu ma’lumotlar nafaqat qayta ishlash hajmini kamayganini, balki iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini yoqilg‘i bilan ta’minlashda ham tizimli uzilishlar yuz berganini ko‘rsatadi.
Yoqilg‘i sotuviga qo‘yilgan cheklovlar federal miqyosga chiqdi. Ular o‘nlab hududlarda amal qilmoqda va kamida 7 mingta avtozapravka stansiyasiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarida bir kishi uchun 20 litrlik qat’iy limit joriy qilingan.
Hozirgi vaziyat Rossiya yoqilg‘i tizimining tarkibiy zaifligini namoyon qildi. Neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan zarbalar mahalliy emas, balki butun mamlakat miqyosida oqibatlarga olib kelmoqda. Logistika yetishmayotgan hajmlarni qoplay olmayapti, ta’mirlash ishlari uzoq davom etmoqda va chekka hududlar birinchi bo‘lib xavf ostida qolmoqda. Natijada inqiroz cho‘zilib bormoqda va hududlar o‘rtasidagi farqlar yanada kuchaymoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Bt6WDY-iZ5U" title="Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi kuzatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA