130 yildan so‘ng: noyob lola dunyo botaniklari nazdida
Tabiat botanika ilmi uchun ulkan ahamiyatga ega kashfiyotni dunyo bilan baham ko‘rmoqda. Qariyb 130 yil davomida yo‘qolib ketgan, deb hisoblangan nodir lola turi Turkiyaning Amasiya viloyatida yana gulladi.
Ilmiy adabiyotda “yo‘qolgan turk lolasi” deya ataladigan ushbu o‘simlikning topilishi olimlar tomonidan asr kashfiyoti sifatida baholanmoqda.
Bu gul 1892-yil nemis bog‘boni Myulendorf tomonidan Amasiya atrofidan yig‘ib olingan va Yevropaga olib ketilgan. Keyinchalik botanika olamida “Tulipa sprengeri” nomi bilan tanilgan. Mazkur o‘simlikning tabiatdagi so‘nggi qaydi 1896-yilga to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng bu tur haqida hech qanday ma’lumot uchramadi va Onado‘lida tabiiy ko‘payishi jarayoni to‘xtagan, deb hisoblandi.
Bir asrdan ko‘p vaqt o‘tib esa sirli gul kutilmagan tarzda tabiatda yana paydo bo‘ldi.
Bo‘sh vaqtida tabiat bag‘rida sayr qilishni sevadigan, gullar, yovvoyi butalarga qiziqadigan amasiyalik Erjon Eftili o‘g‘li navbatdagi sayohati davomida diqqatini tortadigan qizil gulni ko‘rib qoldi. Ilgari o‘zi ko‘rgan manbalardagi rasmlarni eslab, bu o‘simlik oddiy lola emasligini sezdi va gulni suratga olib, mutaxassislarga yubordi.
Suratlar Istanbuldagi Botanika bog‘i mutaxassislari qo‘liga yetib borgach, ular bu haqda mamlakatning yetakchi olimlaridan biri professor Ismoil Ekerga xabar berishdi. Olimlar Amasiyaga kelib, o‘simlik topilgan hududda tekshiruv o‘tkazdilar. Tadqiqot natijasida topilma haqiqatan 130 yildan buyon uchramayotgan “Tulipa sprengeri” ekani tasdiqlandi.
Bu yangilik botanika jamoatchiligini chuqur hayajonga soldi. Zero, mazkur nav ancha yildan buyon izlanayotgan edi. Turkiyalik va xorijdan kelgan juda ko‘p olim, tadqiqotchi va tabiatshunos sayohatchilar shu yo‘lda Amasiya tog‘lari bo‘ylab tadqiqot o‘tkazgan. Afsuski, shu paytgacha natijaga erishilmagan.
Professor Ismoil Eker ta’kidlashicha, ayni topilma nafaqat Turkiya, balki jahon botanikasi uchun ham beqiyos ahamiyatga ega.
– Biz bu tur tabiatdan butunlay yo‘qolganiga ishonib qolgan edik, – deydi olim. – Endi esa turk qizil lolasi hamon yashab kelayotganini ko‘rib turibmiz. Bu juda quvonarli holat. Endigi vazifamiz o‘simlikni muhofaza qilish va kelajak avlod uchun saqlab qolishdan iborat.
Mutaxassislar aytishicha, tashqi ko‘rinishi bilan ham ajralib turadigan “Tulipa sprengeri” boshqa lolalarga nisbatan kechroq gullaydi, balandroq o‘sadi va yorqin qizil rangda ochiladi. O‘ziga xos shakli, qizg‘ish ipchalari botaniklarga boshqa turlardan oson ajratish imkonini beradi.
Hozircha o‘simlik topilgan joyning aniq manzili oshkor qilinmayapti. Olimlar bu qarorni nodir turni tashqi ta’sirdan himoya qilish uchun, deya izohlagan. Hudud maxsus nazorat ostiga olingan bo‘lib, kelgusida muhofaza chorasi yanada kuchaytiriladi.
Botanika bog‘i direktori Solih Serjon Kan o‘g‘li kashfiyotning haqiqiy egasi Erjon Efteli o‘g‘li ekanini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida juda ko‘p odam shu hududdan o‘tgan, faqat Erjongina noyob gulni ilg‘ay olgan.
– Bu haqiqatan o‘sha yo‘qolgan lolaning o‘zi, – deydi Kan o‘g‘li. O‘simlikni topgan inson munosib e’tirofga loyiq. Agar Erjon bey e’tibor bermaganida, ehtimol, yana ko‘p yillar noma’lumligicha qolib ketardi.
Darvoqe, Turkiyada “Yo‘qolgan lola – g‘urbatdan Vatanga qaytish” loyihasi doirasida ushbu turni qayta tiklash bo‘yicha ish avvalroq boshlangan. Ilgari Angliyadan olib kelingan namuna va urug‘lar asosida ko‘paytirilgan minglab ko‘chat mamlakatning turli hududlariga ekilgan. Endi esa tabiatda saqlanib qolgan asl nav topilishi bu jarayonga yangi sur’at bag‘ishlashi shubhasiz.
130 yildan keyin qayta kashf etilgan “yo‘qolgan turk lolasi” tabiatning ochilmagan siri bisyorligini yana bir bor isbotladi. Bir qarashda oddiy ko‘ringan bu gul bugun nafaqat Turkiya, balki jahon botanika merosining noyob boyligi sifatida e’tirof etilmoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya