Rossiya va Yevropa o‘rtasida urush xavfi bormi? (+video)
Rossiya va Yevropa davlatlari urush ehtimoli haqida tobora ko‘proq gapirmoqda. Yevropa Ittifoqi ehtimoliy mojaroga tayyorgarlik ko‘ra boshladi, Moskva esa urush "juda qisqa davom etishi mumkin" deya ogohlantirmoqda. Mazkur to‘qnashuv nimadan boshlanishi mumkin? TRT kanali vaziyatni tahlil qilgan.
– Yevropa hududiga hujum qilish niyatimiz yo‘qligini bir necha bor aytganmiz, – dedi RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. – Bunga hech qanday qiziqish yo‘q. Mabodo ruslarga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida har kuni gapirayotgan Yevropa bizga hujum qilsa, bu butunlay boshqa urush bo‘ladi va juda qisqa davom etadi.
Moskva ko‘hna qit’a bilan qarama-qarshilik izlamayotgani, shunga qaramasdan G‘arb Rossiyani tiyib turish yo‘lidan yurayotganiga e’tibor qaratib, misol sifatida NATO RF chegaralariga “juda qat’iy va bosim bilan yaqinlashib kelayotgani”ni keltirgan.
YeIda esa aksincha ruslarning harakati allaqachon Ukraina hududidan tashqariga chiqqan, Yevropa davlatlari hududiga ham bevosita ta’sir qilmoqda, degan fikr bor. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa parlamentidagi yillik nutqida kiber hujum, qo‘poruvchilik harakati, o‘t qo‘yish holati va dronlar qit’a hududiga kirib kelishini eslatib, misol tariqasida Leypsigda dron orqali sodir etilgan hujumni keltirdi. Germaniya rasmiylari bu hujum uchun Rossiyani javobgar hisoblagan.
Umuman, Germaniya ehtimoliy og‘ir ssenariyga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakat hukumati NATOning sharqiy qanotida jiddiy harbiy mojaro yuz bergan taqdirda sog‘liqni saqlash tizimi qanday ishlashi kerakligini tekshirmoqda. Taranglik kuchayib borayotganiga qaramay, ekspertlar Rossiya va NATO o‘rtasida bevosita urush bo‘lishi mumkin, deb hisoblamaydi.
Ukraina Siyosat instituti direktori, siyosatshunos Ruslan Bortnik ayni mojaro ehtimolini taxminan 10 foiz baholadi.
Bu borada bir necha ehtimoliy vaziyat faraz qilinmoqda:
Rossiyaga qarashli, YeI davlatlari qurshovida joylashgan Kaliningrad atrofida vaziyat keskinlashishi va Yevropa kuchlari ushbu mintaqani egallashga urinishi;
Belarus atrofida vaziyat keskinlashib, Polsha bilan chegarada yoki Boltiq bo‘yi davlatlari bilan bog‘liq taranglik yuzaga kelishi;
Urush qandaydir ig‘vo, noma’lum dronlar hujumi yoki qo‘poruvchilik harakatidan boshlanishi. Ekspert fikricha, Ukraina bilan mojaro rivojlanishi ham vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Tayvan atrofidagi urush, Yaqin Sharqdagi vaziyat yoki Afrikadagi mojaro Rossiya va Yevropa manfaatlari bevosita to‘qnashuviga olib kelishi ehtimoli ham mavjud. Kavkaz ham xavfli hudud. Masalan, Armaniston bilan munosabat keskinlashsa, holat quroldan foydalanish darajasigacha yetadi. Binobarin, Bortnik ta’kidlashicha, hatto bir marta sodir bo‘lgan to‘qnashuv urush boshlanganini anglatmaydi. Masalan, avval RF va Turkiya harbiylari ham to‘qnash kelgan. Tomonlar muloqotni to‘xtamagani sabab vaziyat keng ko‘lamli urushga aylanmagan.
Xullas, muloqot to‘xtasagina, urush boshlanishi ehtimoli paydo bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RmJDVmzpzuQ" title="Rossiya va Evropa o`rtasida katta urush xavfi bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Kenja Bekjonov, O‘zA