Amerika matbuoti Trampga boykot e’lon qildi (+video)
Amerikaning eng yirik telekanallari Donald Trampning rasmiy tadbirlarini yoritishdan bosh tortdi. Bunga Oq uy CNN jurnalistlarining prezidentga hamroh bo‘lib yuradigan matbuot guruhi – telepul tarkibida ishlash huquqidan mahrum qilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda "Euronews" xabar tarqatgan.
Ommaviy axborot vositalari Oq uyni sudga berib, Tramp ma’muriyatini so‘z va matbuot erkinligini buzishda aybladi va Prezident ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni yoritishdan bosh tortdi. Jurnalistlar akkreditatsiyasi bekor qilindi. Xususan, CNN besh eng yirik telekanaldan iborat televizion pulda ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Telepul tarkibiga ABC, CBS, NBC va Trampga xayrixoh “Fox News” ham kiradi. Bu kanallar navbatma-navbat yetakchining safarlarini yoritib boradi. Aslida Prezidentning BMT Bosh Assambleyasidagi ishtirokini CNN yoritishi kerak edi. Boykot natijasida Oq uy matbuot xizmati tarqatgan Tramp nutqi videosi ovozsiz efirga uzatildi.
– Bugundan boshlab telepul Prezident tadbirlarini yoritmaydi, – deyilgan “Fox” telekanali Vashington byurosi rahbari Brayan Button maktubida. – Bunga Oq uy CNN muxbiriga telepuldagi vazifani bajarish uchun ruxsat bermagani sabab.
ABC, CBS, CNN, “Fox” va NBC qo‘shma bayonotida shunday deyilgan:
– Jamiyat o‘z hukumati haqida aniq va mustaqil ma’lumot olishdan juda manfaatdor. Hech bir ma’muriyatga OAV faoliyatini faqat muayyan xabar yoqmagani uchun cheklash mumkin emas.
Boshqa OAV ham birdamlik belgisi sifatida shunday chora ko‘rdi. Jumladan, qator nashrlar Tramp ishtirokidagi tadbirlardan olingan fotosuratlarni chop etmadi. Boykot natijasida ba’zi muhim tadbirlar yoritilmadi. Dushanba kuni tahririyatlar ma’muriyatni sudga berishga qaror qilinganini aytdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IVDahRpOf_s" title="Amerika OAVlari Trampga boykot e’lon qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, O‘zA