Rossiya Armanistondan meva va uzum olib kirishni taqiqladi
Rossiyaning “Rosselxoznadzor” idorasi Armanistondan danakli meva va uzum importini taqiqladi. Yerevanga nisbatan so‘nggi keng qamrovli cheklovning davomi sifatida qabul qilingan bu qaror faqat fitosanitariya xavfsizligi bilan bog‘liqmi yoki chuqurroq siyosiy sabab ham bormi?
“Rosselxoznadzor” idorasi joriy yil 2-iyundan boshlab Armanistondan barcha turdagi danakli meva, jumladan shaftoli va uzum olib kirishni vaqtincha taqiqlash haqida qaror qabul qildi.Ushbu cheklov nafaqat mahsulotni Rossiya bozoriga olib kirish, balki RF hududi orqali Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo boshqa davlatlarga tranzit qilishni ham qamrab olgan. Nazorat idorasi ta’kidlashicha, bu taqiq import qilinayotgan mahsulot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq bir strategiya tizimi ishlab chiqilgunga qadar amalda bo‘ladi.
Rossiya Armaniston mahsulotlariga ilk bor cheklov qo‘llayotgani yo‘q. Bundan bir necha kun oldin, ya’ni 30-maydan boshlab “Rosselxoznadzor” ushbu Kavkaz davlatidan yangi uzilgan pomidor, bodring, qalampir, ko‘kat va qulupnay olib kirishni ham cheklagan. RF tomoni bu qarorni “Armanistondan meva-sabzavot olib kirishda fitosanitariya qoidasi tez-tez buzilayotgani, Rossiya hududida sanitariya xavfsizligi ta’minlanishi zarurligi” bilan izohladi. Avvalroq uch yirik ishlab chiqaruvchidan gul, ma’danli suv va ba’zi spirtli ichimliklar importi ham taqiqlangan edi.
Garchi rasmiy Moskva bu qarorlarni sof iqtisodiy va sanitariya choralari deb atayotgan bo‘lsa-da, xalqaro kuzatuvchilar vaziyat zamirida jiddiy siyosiy sabablar yotganini ta’kidlamoqda. Gap shundaki, 7-iyun kuni Armanistonda navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Nikol Pashinyanning amaldagi hukumati so‘nggi paytda Rossiyadan uzoqlashib, YeI va AQSH bilan yaqinlashish siyosatini faol olib bormoqda. Bu esa Moskva va Yerevan o‘rtasidagi diplomatik munosabat keskin yomonlashishiga olib keldi. Ekspertlar fikricha, saylov arafasida Armanistonning eng asosiy eksport mahsulotlariga taqiq qo‘yilishi Kreml tomonidan Pashinyan hukumatiga nisbatan qo‘llanayotgan navbatdagi iqtisodiy bosim vositasi bo‘lishi mumkin.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA