“Rospotrebnadzor” Irkutskda o‘latning ikkinchi holati haqidagi xabarni inkor etdi
Ijtimoiy tarmoqda Irkutsk vaboga qarshi instituti xodimi bilan ko‘rishgan va ilgari pnevmoniya tashhisi qo‘yilgan shaxsda kasallikning ikkinchi holati kuzatilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. “Rospotrebnadzor” bu xabar noto‘g‘ri ekanini ma’lum qilgan.
AQSH elchixonasi Rossiyaning Irkutsk viloyatida bir kishining o‘limiga olib kelgan pnevmonik vabo gumon qilingan holat tufayli ogohlantirish e’lon qildi. Mintaqada karantin chorasi joriy etildi, ba’zi kasalxonalar yopildi. Hozir Rossiyada bo‘lgan Amerika fuqarolariga mamlakatni darhol tark etish tavsiya etilgan.
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov mavzuga izoh berib, odamlarni faqat rasmiy bayonotga quloq tutish, boshqa manbalarga ishonmaslikka chaqirdi.
– Sohada vakolatga ega yetakchi tuzilma “Rospotrebnadzor”, – deya ta’kidlagan Kreml vakili. – Mish-mish, taxmin va begona manbalarga e’tibor bermasdan, aynan rasmiy bayonotga ishonish kerak.
“Rospotrebnadzor” avval mutaxassislar Sibir va Uzoq Sharq Vaboga qarshi institutida patogen mitti organizmlar ishtirokida biror baxtsiz hodisa aniqlamaganini bildirgan. Agentlik ta’kidlashicha, institut xodimi kasal bo‘lib qolgach, mutaxassislar maxsus choralar to‘plamini uyushtirgan – keng ko‘lamli test orqali tekshirilganda, bemor namunasida uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq hech qanday mitti organizm aniqlanmagan.
S.Rahimov, O‘zA