"Rektorlar maktabi” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida “Rektorlar maktabi” dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan “Yangi O‘zbekiston” universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha “Rektorlar maktabi” dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr akademik darajasiga ega, oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlash kabi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Dastur tinglovchilarida akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, strategik boshqaruv va transformatsiya yo‘nalishlaridagi bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi.
Dasturning o‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi. Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSH) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
N.Rahmonova,
O‘zA