Regbichilarimiz sovrindorlar safidan joy oldi
FOTOREPORTAJ
Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi Mudofaa vazirligi sport majmuasida regbi-7 bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari erkaklar hamda ayollar terma jamoalari ishtirokida xalqaro chempionat bahslari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Hindiston, Pokiston, Mo‘g‘uliston va Shri-Lanka terma jamoalari g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar sport muxlislariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
[gallery-29466]
Ayollar o‘rtasidagi uchrashuvlarda Shri-Lanka terma jamoasi barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi musobaqani sharafli uchinchi o‘rin bilan yakunladi.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlar ham keskin ruhda o‘tdi. Har bir uchrashuvda jamoalar g‘alaba uchun so‘nggi daqiqalargacha kurash olib bordi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Shri-Lanka erkaklar terma jamoasi chempionlikka sazovor bo‘ldi. Hindiston regbichilari ikkinchi pog‘onani band etgan bo‘lsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlar turnirning yuqori saviyada tashkil etilganini alohida e’tirof etib, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA