Tarixning tirik guvohlari
Urush boshlanganida Anna juda yosh edi. Oila davrasida uni maktabga berish haqida ko‘p gapirilar, onasi esa qizchasi uchun chiroyli sumka tikib qo‘ygandi. Hayot osoyishta kechardi: otasi har kuni ishdan qaytar, onasi uy yumushlarini qo‘shiq xirgoyi qilib bajarar, bolalariga hazil aralash “otang kelsa urushtiraman” derdi. Kichkina Anna esa “urush” degani otasining kelib, boshlarini silab, “onangizni xafa qilmanglar”, deyishi deb tushunardi.
Ammo 1941-yilda boshlangan Ikkinchi jahon urushi uning bolalik tasavvurlarini bir zumda o‘zgartirdi. Urushning asl basharasi ochlik, mehnat va ayriliq ekanini sakkiz yoshli qizaloq juda erta angladi.

Bugun Uchquduq tumani Aytim mahallasida istiqomat qilayotgan Anna Krvenyuk 93 bahorni qarshi oldi. 1933-yilda Rossiyaning Oltoy o‘lkasida tug‘ilgan onaxonning bolaligi mash’um urush yillariga to‘g‘ri keldi. U front ortida mehnat qildi. Uyi oldidan o‘tgan temir yo‘lda yuk tashish ishlarida qatnashib, g‘alaba uchun o‘z hissasini qo‘shdi. Bolaligu navqiron yillari mamlakatni tiklash, xalqning og‘irini yengil qilish bilan o‘tdi.
Taqdir uni keyinchalik Uchquduq shahriga boshlab keldi. Anna Ivanovna uzoq yillar NKMK tizimida halol mehnat qildi. Bir nafar farzandni voyaga yetkazdi. Onaxonning ismi “daftar”da yolg‘iz deb yozilgan bo‘lishi mumkin, ammo u yolg‘iz emas. Bugun u yolg‘iz yashasa-da, mehr va e’tibordan chetda emas. Qo‘ni-qo‘shnilar, sobiq hamkasblar, shogirdlari uni doimo yo‘qlab turishadi.

Konchilar va metallurgiya sanoati xodimlari kuni arafasida ham onaxon xonadoni yana fayzga to‘ldi. Sobiq hamkasblar va yosh avlod vakillari uning holidan xabar olishdi. Bu esa inson qadri, mehnatga hurmat va faxriylarga e’tiborning yorqin namunasidir.
– Bugungi kunda Uchquduqda kombinat tizimida mehnat qilgan uch mingga yaqin faxriyni birlashtirganmiz. Ularning har biridan xabar olamiz, bayram tadbirlari tashkil etamiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati faxriylar kengashi Navoiy filialining Uchquduq bo‘limi faoli Mahfuza Sayidxo‘jayeva.

Darhaqiqat, inson uchun yaxshi joyda mehnat qilish baxt bo‘lsa, nafaqaga chiqqanidan keyin ham o‘sha jamoaning e’tiborini his etishi yanada yoqimlidir. Shu munosabat bilan Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan qator xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar uchun Samarqand shahriga sayohatlar uyushtirildi, o‘ndan ortiq onaxon va otaxonlarning yubileylari nishonlandi. Kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda yurtimizning eng so‘lim sihatgohlarida dam olishlari uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
Anna Ivanovna kabi insonlar tarixning tirik guvohlari. Ular nafaqat mehnat, balki sabr, matonat va vatanparvarlik timsolidir. Urush ularning bolaligini o‘g‘irlagan bo‘lsa-da, insoniy mehr va hayotga ishonchini tortib ololmadi. Bugungi tinch va osoyishta kunlar qadrini anglash uchun ana shunday fidoyi insonlarning hayot yo‘liga bir nazar tashlashning o‘zi kifoya.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri