Raqamlashtirilgan imtihonlar shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi
2024-2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazildi.
Abituriyentlarni ro‘yxatga olish esa my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn tarzda amalga oshirildi. Yangicha yondashuvga asoslangan bu yilgi imtihonlar qanday natijalar va maqsadlarga asoslandi, deylik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi maqsadlarga ham xizmat qiladimi?
Shu kabi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy ШАРИПОВнинг fikrlariga qiziqdik.
– Keyingi yillarda oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar natijasida tizim muassasalariga qabul jarayonlarining shaffofligi ta’minlandi. Xususan, hujjatlarning masofadan topshirilishi, bunda inson faktorining yo‘qolgani, test jarayonlarini kamerada onlayn kuzatish imkoniyati, shu bilan bir qatorda oliy ta’lim muassasalarining soni va qabul kvotalarining oshirilishi natijasida korrupsion holatlarning oldi olindi. O‘z o‘rnida raqobat muhiti paydo bo‘ldi, – deya fikrini boshlaydi vazir. – Endilikda oliy ta’lim muassasalari iqtidorli yoshlar o‘z talabalari safida bo‘lishi uchun kurashishi lozimligi kun tartibidan joy oldi.
Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi «Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni aynan iqtidorli yoshlarni oliy ta’limga ko‘proq qamrab olish uchun mo‘ljallangan. Hujjat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yo‘naltirish maqsadini ko‘zda tutadi.
O‘tgan yillari abituriyentlar hujjat topshirish jarayonida birinchi navbatda 5 ta oliygohni tanlar, so‘ng imtihon yoki testga kirardi. Ya’ni, abituriyentlar test natijasini bilmasdan oliygoh, ta’lim yo‘nalishini tanlagan. Ushbu oliy ta’lim muassasalarida shu yili grant uchun ajratilgan ball yuqorilab ketsa, bu abituriyentlarda boshqa oliygohga kirish imkoniyati yo‘q edi.
Yangi tartibda ushbu holat inobatga olinib, abituriyent uchun test balidan kelib chiqib oliygoh va ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati yaratilgan. Ushbu tartib aksariyat xorijiy davlatlarning tajribalarini o‘rganish va o‘zimizdagi qabul jarayonlarining barcha jihatlarini tahlil qilish natijasida shakllantirilgan. Umuman olganda, rivojlangan davlatlarda oliygohga kirish uchun belgilangan asosiy mezon bo‘yicha abituriyent o‘z natijasini aniq bilib oliygohni, yo‘nalishni tanlaydi.
Shunday qilib, yangi tartibga ko‘ra, abituriyent imtihon topshirib, natijalarini bilganidan keyin beshta oliy ta’lim muassasasini tanlaydi. Grant o‘rinlari esa muayyan yo‘nalishda yuqori ball olgan talabgorlar o‘rtasida taqsimlanadi. Bundan tashqari, bu yil grant asosida o‘qishga kirgan talabalar avvalgidek to‘rt yil davomida shu imtiyozdan foydalanmaydi. Agar talaba past bahoga o‘qiyotgan bo‘lsa, keyingi yili uning grant o‘rni o‘z hisobidan kontraktda yaxshi o‘qiyotgan talabaga qayta taqsimlanadi. Bu yoshlarni o‘z ustida doimo ishlashga undaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, professional ta’lim muassasalari uchun alohida test sinovi o‘tkazilmaydi. Abituriyentlarning hujjat topshirish va tanlovda ishtirok etish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, bunda inson omili ishtirok etmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, korrupsiyaviy holatlarning oldini oladi.
– Ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarida texnik kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
– Ro‘yxatdan o‘tish Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshirildi. Bu jarayonda texnik kamchiliklar kuzatilgani yo‘q. Shuningdek, 1195 qisqa raqamli koll-markazi 24 soat, haftada 7 kun faoliyat yuritib, yuzaga kelgan har qanday masalalarni tezkor hal etishni ta’minlaydi. Ishning bunday tashkil etilishi abituriyentlar va ularning ota-onalariga kunning istalgan vaqtida kerakli maslahatlarni olish imkonini beradi, bu, ayniqsa, ro‘yxatga olish va imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq stressli daqiqalarda muhimdir.
Abituriyentlar va ularning ota-onalari murojaatlari bilan ishlashda qonunchilik normalari va talablariga qat’iy rioya qilinadi. Barcha murojaatlar qonun doirasida ko‘rib chiqilib, bu jarayon ishtirokchilarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Mazkur yondashuv nafaqat abituriyentlar va ularning ota-onalari hayotini osonlashtiradi, balki ta’lim muassasalari va davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, ro‘yxatga olish va baholash jarayonlarini yanada samarali va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladi.
– Bilamizki, abituriyentlar o‘z hududlarida texnik imkoniyatlardan kelib chiqib o‘qishga topshirishga urinadi. Imtihonlardan keyin belgilangan vaqt mobaynida ta’lim nomini tanlay olmaslik yoki texnik zo‘riqish sabab abituriyent raqamiga SMS kelmagan hollar kuzatilyapti. Bunday holda abituriyent olgan bali bo‘yicha o‘qishga kira olmay qolishi mumkin. Bu borada qanday yo‘l tutiladi?
– Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida har bir abituriyent uchun uning telefon raqamiga bog‘langan shaxsiy kabinet yaratiladi. Barcha ma’lumotlar mazkur shaxsiy kabinetda berib boriladi. Agar qandaydir holat kuzatiladigan bo‘lsa, bu bevosita abituriyentning kiritgan ma’lumotidagi xatolik yoki telefon raqamini o‘zgartirish, boshqaning telefon raqamini kiritish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Abituriyentlarda tanlov bilan bog‘liq texnik muammolar, ularning murojaatlariga ko‘ra agentlik xodimlari tomonidan bartaraf etilmoqda. Shu bilan birga, abituriyentlarga ularning ro‘yxatdan o‘tkazishda kiritgan telefon raqamlari orqali SMS-xabarnomalar yuborildi. Bundan tashqari, agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tanlov bosqichi bo‘yicha ma’lumotlar berib borilmoqda. Agentlik tomonidan abituriyentlar uchun ovozli chatlar o‘tkazildi, ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqishlar qilindi.
– Yangi tizim orqali tashkil etilgan hujjat topshirish shartlari olis qishloqlarda o‘qishga topshirgan yoshlar uchun qiyinlik qilmaydimi?
– Aslida bu tizim olis hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar uchun qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Bugun abituriyentlar respublikamizning xohlagan hududida turib, telefon orqali ham test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Hujjat topshirishning onlayn shaklga o‘tkazilishi abituriyentlar, ularning ota-onalarini ortiqcha ovoragarchilikdan, qo‘shimcha sarf-xarajatdan xalos qiladi. Shuningdek, bu ham korrupsiya holatlari yuzaga kelmasligini kafolatlaydi.
Test va imtihonlarda qatnashish uchun hujjatlarni onlayn topshirish tizimi joriy etilgani qabul jarayonining eng e’tiborli yutuqlardan biridir. Ilgari hujjatlarni tayyorlash va topshirish juda ko‘p vaqt va kuch talab etardi. Bugun siz faqat kerakli shakllarni to‘ldirishingiz va ularni internet orqali topshirishingiz kerak.
Darhaqiqat, onlayn tizimni joriy etishning eng muhim jihatlaridan biri ham uning korrupsiyaga qarshi kurashdagi rolidir. Hujjatlarni topshirish va ekspertizalarda ishtirok etishning an’anaviy usullari esa korrupsion sxemalarning paydo bo‘lishi, pora olish va boshqa huquqbuzarliklar sodir bo‘lishiga turtki bergan. Onlayn platforma inson omilini minimallashtiradi va jarayonlarni avtomatlashtiradi, bu esa korrupsion amaliyotlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi. Ro‘yxatga olish va test sinovlarining barcha bosqichlari shaffof bo‘lib, har bir qadamni kuzatish mumkin bo‘ladi, bu qoidalarni buzishga urinayotganlar uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratadi.
– Qaysi xorijiy tajribalar asosida bu yilgi ta’limga yondashildi?
– Oliy ta’lim islohoti doirasida o‘quv jarayoni sifatini oshirish, talabalar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu islohotning asosiy jihatlaridan biri bakalavriat darajalarini qisqartirish, malaka va amaliy ko‘nikmalarning yangi standartlarini joriy etish bo‘ldi. Ilgari mavjud bo‘lgan 306 ta yo‘nalish 183 taga qisqartirildi.
Dunyo reytingida TOP-300 ro‘yxatidagi universitetlar dasturlari asosida bakalavriat darajalariga 183 ta malaka talablari ishlab chiqildi. Bu talablar ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar va jahon ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarga moslashtirishga qaratilgan. Yetakchi universitetlar tajribasiga asoslangan yondashuv jahon va zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash imkonini beradi.
Yana bir muhim yangilik – talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini kuchaytirishdir. Yangi standartlarga muvofiq, amaliy mashg‘ulotlar kamida 15 haftalik uzluksiz kasbiy amaliyot shaklida tashkil etiladi. Ushbu yondashuv bilimlarni mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Uzoq muddatli amaliyot talabalarga haqiqiy professional muhitga chuqurroq kirib borish, tajriba orttirish va kasbiy faoliyatga tayyorlanish imkonini beradi.
Ushbu o‘zgarishlar oliy ta’limda zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi qadamlarimizdan biridir.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.