Bojxona tizimi oldida qanday vazifalar turibdi?
Xalqaro maydonda mamlakat nufuzini mustahkamlaş, xorijiy hamkorlar bilan manfaatli aloqalarni kengaytiriş va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni işga solişda yirik xalqaro tadbirlarning ahamiyati beqiyos. Bunday nufuzli anjumanlarga tayyorgarlik esa nafaqat taşkiliy, balki iqtisodiy, infratuzilmaviy va institutsional jihatdan ham puxta yondaşuvni talab etadi. Ayni jarayonda bojxona tizimi zimmasiga yuklanadigan vazifalar alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari taşabbusi bilan Buxoro viloyatida xalqaro hamkorlikni rivojlantiriş, hududning iqtisodiy va turistik salohiyatini keng namoyon etiş, nufuzli xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada taşkil qilişga qaratilgan işlar izçil davom etmoqda. Bu jarayonda har bir vazirlik va idora oldiga öz sohasi imkoniyatlarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etiş, amalga oşirilayotgan islohotlar natijalarini körsatiş va istiqbolli hamkorlik loyihalarini işlab çiqiş vazifasi qöyilgan. Şu nuqtai nazardan, Buxoro şahrida ötkazilişi rejalaştirilgan yirik xalqaro tadbirlarga Bojxona qömitasi tizimining tayyorgarlik masalalari muhokama qilingani muhim ahamiyatga ega böldi.
Buxoro viloyati bojxona boşqarmasida Bojxona qömitasi raisi A. Mavlonov boşçiligida şaxsiy tarkib iştirokida ötkazilgan yiğilişda mazkur tadbirlarga tayyorgarlik, bojxona organlari oldida turgan ustuvor vazifalar va ularni amalga oşiriş mexanizmlari atrofliça körib çiqildi. Videokonferensiya şaklida taşkil etilgan yiğilişda qömita raisining örinbosarlari hamda Markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari rahbarlari ham qatnaşişdi.
Muhokamalarda xalqaro tadbirlar doirasida bojxona sohasidagi hamkorlikni yangi bosqiçga olib çiqiş, zamonaviy infratuzilmani rivojlantiriş, raqamli texnologiyalarni keng joriy etiş va taşqi savdo iştirokçilari uçun yanada qulay şart-şaroitlar yaratiş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Zero, bugungi global iqtisodiyotda bojxona tizimining samaradorligi faqat nazorat tadbirlarining tezkorligi bilan emas, balki savdo jarayonlarining qançalik soddalaştirilgani, logistika imkoniyatlari va xalqaro standartlarga muvofiq xizmat körsatiş darajasi bilan ham belgilanadi.
Şu maʼnoda, Buxoro şahrida barpo etiladigan yangi xalqaro aeroportda bojxona nazoratini zamonaviy, intellektual va “aqlli” texnologiyalar asosida taşkil etiş ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu esa kelgusida yölovçilarga xizmat körsatiş sifatini oşiriş, nazorat jarayonlarini tezlaştiriş va xavfsizlikni taʼminlaşda yangi imkoniyatlar yaratişi bilan ahamiyatlidir.
Yiğilişda xalqaro hamkorlikning yana bir muhim yönalişi — bojxona tartib-taomillarini özaro muvofiqlaştiriş masalasi ham muhokama qilindi. Xususan, Mustaqil Davlatlar Hamdöstligi, Turkiy davlatlar taşkiloti va Şanxay hamkorlik taşkiloti doirasida xorijiy hamkorlar bilan axborot almaşinuvini kengaytiriş, bojxona jarayonlarini uyğunlaştiriş va, ayniqsa, tranzit taşuvlarini soddalaştiriş böyiça hamkorlikni jadallaştiriş zarurligi taʼkidlandi. Bu bejiz emas. Çunki xalqaro savdoda vaqt va logistika xarajatlari raqobatbardoşlikni belgilaydigan muhim omillardan hisoblanadi. Çegaralardagi ortiqça tartib-taomillarni qisqartiriş, yuklarni rasmiylaştiriş jarayonlarini tezlaştiriş nafaqat tadbirkorlar uçun qulaylik, balki mamlakatning tranzit salohiyatini oşirişga ham xizmat qiladi.
Ayniqsa, Olot tumanida joylaşgan “Olot” çegara bojxona postining ötkazuvçanlik imkoniyatlarini kengaytiriş masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani diqqatga sazovor. Mazkur hudud Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Eron va Kavkaz mamlakatlariga yuk taşişda muhim ahamiyat kasb etayotgan “Örta yölak” transport-logistika tizimining istiqbolli böğinlaridan biri sanaladi.
Şu bois post infratuzilmasini takomillaştiriş, taşuvçilar va jismoniy şaxslar uçun qulayliklarni kengaytiriş, çegaradan ötiş jarayonlarini tezlaştiriş böyiça aniq çora-tadbirlarni amalga oşiriş vazifasi belgilandi.

Şuningdek, viloyatda taşqi savdo hajmining ortib borayotgani bojxona nazoratini boşqarişda ham yangi yondaşuvlarni taqozo etmoqda. Şu maqsadda Buxoro viloyati bojxona boşqarmasida vaziyatni tezkor tahlil qiliş, jarayonlarni muvofiqlaştiriş va samarali qarorlar qabul qiliş imkonini beruvçi Situatsion markaz taşkil etiş masalasi ham kun tartibidan örin oldi.
Umuman, muhokama qilingan masalalar Buxoroda ötkaziladigan xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik faqat ularni yuqori saviyada taşkil etiş bilan çeklanmasligini körsatadi. Bu jarayon, eng avvalo, hududning transport-logistika imkoniyatlarini kengaytiriş, bojxona xizmatlarini zamonaviylaştiriş, taşqi savdo uçun qulay muhit yaratiş va xalqaro hamkorlikni mustahkamlaşga qaratilgan amaliy qadamdir.
Yiğiliş yakunida belgilangan vazifalarni öz vaqtida va sifatli bajariş, har bir yönaliş böyiça aniq takliflar hamda amaliy çora-tadbirlar işlab çiqiş yuzasidan masʼullarga tegişli topşiriqlar berildi. Eng muhimi, bugun xalqaro hamkorlik uçun yaratilayotgan imkoniyatlar ertaga hudud iqtisodiyoti, tadbirkorlik muhiti va aholi farovonligida özining amaliy ifodasini topişi kerak. Buxoroda amalga oşirilayotgan tayyorgarlik işlarining asosiy mazmuni ham ana şu maqsadga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri