Rahmonbek Usmonov: "Yo‘l yo‘lovchilarniki, kelajak esa yoshlarniki bo‘lishi kerak"
Toshkent metropoliteni deganda ko‘z oldimizga, avvalo, yer ostida harakatlanayotgan poyezdlar, bekatlar va har kuni millionlab yo‘lovchilar gavjum bo‘ladigan manzillar keladi.
Ammo tizimning taraqqiyotini yangi bekatlar, kengayib borayotgan yo‘nalishlar yoki zamonaviy poyezdlar bilan baholashning o‘zi kifoya emas. Poytaxt yer osti transport tizimining barqaror ishlashi va kelgusidagi rivoji ortida, avvalo, inson omili — bilimli, tajribali va o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashadigan mutaxassislar turadi. Ayniqsa, bugun metro tizimida o‘z o‘rnini topayotgan, zamonaviy kasblarni egallayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.
Xo‘sh, sohada yoshlarga ish berish ishlari amalda qanday natija bermoqda? Bu borada jamoatchilikka taqdim etish mumkin bo‘lgan aniq statistik ma’lumotlar bormi?
“Toshkent metropoliteni” AJ boshqaruv raisi Rahmonbek Usmonov suhbat chog‘ida quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Metropoliten kabi murakkab muhandislik va texnologik tizim uchun malakali kadrlar masalasi doimo dolzarb, deydi Rahmonbek Usmonov. - Harakatni tashkil etish, avtomatika va aloqa, energetika, qurilish, loyihalash, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, xodimlarning ta’lim darajasidagi o‘zgarishlar ham alohida ahamiyatga ega.
Sohada yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularga kasb o‘rgatish va tizimda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yondashuvning ahamiyati shundaki, yosh mutaxassis uchun metro shunchaki ish joyi emas, balki kasbiy tajriba va o‘sish maktabiga aylanishi mumkin.

Bugungi metro faqat mashinist yoki navbatchi xodimlardan iborat emas. Unda muhandislik, elektr ta’minoti, avtomatika va telemexanika, axborot texnologiyalari, harakat xavfsizligi, ta’mirlash, dispetcherlik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda mutaxassislar mehnat qiladi. Bu esa turli qobiliyat va qiziqishga ega yoshlar uchun imkoniyatlar doirasini kengaytiradi. Kimdir poyezd harakati bilan bog‘liq kasbni tanlasa, yana kimdir texnik qurilmalarni sozlash, raqamli tizimlar bilan ishlash yoki muhandislik yo‘nalishida o‘zini sinab ko‘rishi mumkin.

Eng muhimi, yosh xodim tizimga kirib kelishi bilan uning oldida “ishga joylashish” dan keyingi yangi bosqich — tajriba orttirish, malaka oshirish va mas’uliyatli lavozimlarga o‘sish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan 2021-yilda Toshkent metropolitenida 1 ming 679 nafar yosh xodim faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ularning soni 2 ming 237 nafarga yetgan. E’tiborli jihati, bugun ularning 122 nafari turli rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Demak, yoshlar metro tizimiga nafaqat ijrochi xodim sifatida kirib kelmoqda. Ular orasida boshqaruv, tashkilotchilik va yuqori mas’uliyatni talab qiladigan lavozimlarda o‘zini namoyon etayotganlar ham ko‘paymoqda.

Bundan tashqari 2021-yilda oliy ma’lumotli xodimlar ulushi 11 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragiga kelib esa bu ko‘rsatkich 29 foizga yetgan. Ayni paytda metropolitenda oliy ma’lumotli xodimlar soni qariyb 1 ming 580 nafarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar tizimda kasbiy bilim va ta’limga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi. Yoshlarning sohaga kirib kelishi bilan birga ularning bilim va malakasini oshirish, tajriba to‘plashi ham muhim vazifaga aylanmoqda.

Bilasizmi, yoshlar bilan har uchrashganimda har birining qalbida o‘z orzusi borligini his qilaman, kelgusidagi rejalarini katta olishiga guvoh bo‘laman. Ularning aksariyati kecha talaba, bugun rahbar. Ishonamanki, davlat qo‘llab-quvvatlagan yoshlar mehnati va izlanishlari sababli hayot yo‘liga ega insonlar bo‘lib kamol topadi. Yo‘l yo‘lovchilarniki, kelajak esa yoshlarniki bo‘lishi kerak. Davlatimiz rahbari ham yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanligini bejizga ta’kidlab o‘tmagan. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlash, birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmaslik zarurligini qayd etgan.

Yosh kadrlarning kasbiy o‘sishi ular uchun yaratilayotgan muhit bilan ham bevosita bog‘liq. Toshkent metropolitenining “Yoshlar – ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi tomonidan yosh xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual va jismoniy salohiyatini oshirish maqsadida muntazam ravishda sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar, intellektual bellashuvlar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida metropoliten miqyosida “Eng faol yosh xodim” tanlovi ham o‘tkazib kelinmoqda.
Yoshlarning mehnati davlat miqyosida ham e’tirof etib boriladi. Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni asosida ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoniga Toshkent metropolitenining 11 nafar yosh xodimi sazovor bo‘ldi. Bu kabi e’tiroflar yoshlarning soha rivojidagi ishtiroki va o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashayotganini rag‘batlantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi ish haqi, rag‘bat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Yosh mutaxassislarni sohada ushlab qolish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishda ijtimoiy sharoit ham muhim omillardan biri sanaladi. Xizmat vazifalarini yuqori darajada bajarib, tashabbus ko‘rsatayotgan xodimlar oylik maoshdan tashqari muntazam ravishda moddiy rag‘batlantirib boriladi. Bundan tashqari, kasaba uyushmasi tomonidan xodimlarning sog‘lig‘ini tiklash va dam olishini ta’minlash maqsadida sog‘lomlashtirish hamda dam olish yo‘llanmalari taqdim etilmoqda.
Yosh metrochilar uchun uy-joy masalasiga ham inobatga olingan. Toshkent shahrida imtiyozli shartlar asosida “Yosh metrochilar” turar joyi barpo etilmoqda. Ayni paytda loyihadagi qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan. Bu loyiha yosh mutaxassislarning nafaqat kasbiy faoliyati, balki ijtimoiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan choralardan biri sifatida ahamiyatli.
Raqamlar ortidagi inson taqdiri bor
2237 nafar yosh xodim, 122 nafar yosh rahbar yoki oliy ma’lumotli xodimlar ulushining 29 foizga yetgani — shunchaki statistik raqamlar emas. Har qanday yirik transport tizimining ertangi kuni bugun tayyorlanayotgan kadrlarga bog‘liq. Chunki texnologiyalar yangilanadi, yangi yo‘nalishlar ochiladi, metro tarmog‘i kengayadi. Bunday jarayonda esa zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmaga ega yosh mutaxassislarga ehtiyoj ortib boradi. Shu nuqtai nazardan, metro tizimida yoshlarni ish bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborni faqat bandlik masalasi sifatida emas, balki sohaning kelajak kadrlarini shakllantirish jarayoni sifatida ham baholash mumkin.

Zero, metro rivoji faqat yangi bekatlar yoki yangi poyezdlar bilan o‘lchanmaydi. Uning eng katta boyligi — zamonaviy bilimga ega, o‘z kasbini yaxshi biladigan va tizim rivojiga hissa qo‘shishga intilayotgan kadrlardir. Shu ma’noda, bugun metro eshigidan ish izlab kirib kelayotgan har bir yosh uchun bu maskan nafaqat ish joyi, balki katta kasbiy yo‘lning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA