Quva anorlarining eksport geografiyasi kengaymoqda (+video)
Farg‘ona viloyati Quva tumanida anorchilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan. Ayni paytda quvalik mirishkorlar anorning 70 dan ortiq navini parvarishlab, mo‘l va sifatli hosil yetishtirmoqda.
Mamlakatimiz hududlariga yetkazib berilayotgan anor ko‘chatlarining asosiy qismi ham Quva tumanida yetishtirilmoqda.
2018-yilda davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida «Farg‘ona anorzori» ixtisoslashtirilgan agrofirmasi faoliyati bilan tanishilib, zamonaviy yondashuvlar asosida 2 ming gektar maydonda anorzorlar barpo etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Bugungi kunda tumandagi 20 dan ortiq mahallada 2 ming 500 dan ziyod xonadon anorchilik bilan shug‘ullanib, ushbu tarmoqdan daromad olmoqda. Shuningdek, 373 ta anorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi 2 ming 476 gektar maydonda faoliyat yuritmoqda.
— 3 gektar maydonda anorning 10 ga yaqin serhosil va eksportbop navini parvarishlayapmiz. Joriy yilda o‘rtacha 40 tonna hosil olishni rejalashtirganmiz, - deydi «Tolmozor anor bog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari Azamat Jalolov. — Ayni paytda yig‘ib olinayotgan hosilimiz Janubiy Koreya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Rossiya va qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.
Quvalik bog‘bonlar anor yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanmoqda. Buning natijasida ayrim navlarda bir dona anorning vazni 1,8–2 kilogrammgacha yetib, mahsulotning eksportbopligi ortib borayapti.
[gallery-31411]
Yetishtirilgan hosilning bir qismi maxsus omborxonalarda tabiiy usulda saqlanib, qish-bahor mavsumida bozorga chiqarilmoqda. Bu mahsulotni mavsumdan tashqari davrda ham sotish va daromadni oshirish imkonini bermoqda.
Tumanda yiliga o‘rtacha 40–50 ming tonna anor yetishtirilib, tarmoqdan olinayotgan daromad 500–550 milliard so‘mni tashkil etadi. Mahsulotlar Rossiya, Janubiy Koreya, Arab davlatlari, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bozorlariga eksport qilinmoqda. Joriy yilda 30 million dollarlik anor mahsulotini xorijga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, Quva anorlarining eksport geografiyasi yil sayin kengaymoqda. Xususan, mahalliy bog‘bonlar yetishtirgan anorlar Janubiy Koreya bozorida ham o‘z o‘rnini topmoqda. Xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etilayotgan mahsulotlarga xorijlik xaridorlarning qiziqishi ortib, quvalik tadbirkorlar uchun yangi eksport imkoniyatlari yaratilmoqda.
Xorij bozorlariga chiqishda mahsulot sifati va xavfsizligi, shuningdek, belgilangan fitosanitar talablarga rioya etish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Farg‘ona viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi mutaxassislari eksportyorlar va bog‘bonlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Jumladan, eksport uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, mahsulotlarni import qiluvchi davlatlar talablari asosida tayyorlash, fitosanitar sertifikatlar olish hamda boshqa tashkiliy masalalarda yaqindan yordam berilmoqda.
Bu esa Quvada yetishtirilayotgan anorlarning tashqi bozorlarga chiqishini kengaytirish, eksportyorlarning vaqtini tejash va mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YnDMvjTELp0" title="Quva anorlarining eksport geografiyasi kengaymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA