Qozonda milliy hunarmandchiligimiz namunalari namoyish etildi
Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida V xalqaro etno-festival “Stil jizni – Kulturniy kod” doirasida tashkil etilgan “Etnika. Moda. Promisli. Kulturniy kod” ishbilarmonlik dasturida O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi ham ishtirok etdi.
Xususan, dastur doirasida o‘tkazilgan “Xalq badiiy hunarmandchiligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajribalar” mavzusidagi davra suhbatida uyushmaning Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Lola Muhitova “O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi faoliyati” mavzusida taqdimot qildi.
Taqdimotda mamlakatimizda hunarmandchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniy merosni asrab-avaylash, hunarmandlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, festival doirasidagi ko‘rgazmada o‘zbekistonlik hunarmandlarning milliy amaliy san’at namunalari namoyish etildi.
Mas’ullarning qayd etishicha, bunday xalqaro maydonlar milliy hunarmandchilikni keng targ‘ib etish, ilg‘or tajribalar almashish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA