“Ona zamin bag‘ridan...” xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasi milliy qadriyatlar va xalqlar do‘stligini namoyon etdi
30-iyul – “Xalqlar do‘stligi” kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita qoshidagi Milliy madaniy markazlar pavilonida “Ona zamin bag‘ridan...” nomli xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma mamlakatimizda qaror topgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini, turli millat vakillarining boy madaniy merosi hamda asrlar davomida sayqallangan milliy hunarmandchilik an’analarini keng jamoatchilikka namoyish etishga xizmat qildi.
Tadbirning ochilishida hunarmandchilik xalqning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi va madaniy tafakkurini ajdodlardan avlodlarga yetkazuvchi noyob qadriyat ekanini alohida ta’kidladi. E’tiborga molik jihati, “Do‘stlik” festivali doirasida tashkil etilayotgan mazkur ko‘rgazma nafaqat milliy hunarmandchilik an’analarini keng targ‘ib etishga, balki turli millat va elat vakillarining madaniy merosini o‘zaro boyitish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda qaror topgan bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ko‘rgazmada yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 40 dan ortiq tajribali hunarmandlar hamda milliy madaniy markazlar vakillari o‘zlarining eng sara ijod namunalarini namoyish etdi. Kashtachilik, zargarlik, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik, milliy liboslar va boshqa xalq amaliy san’ati namunalari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif buyuruvchilar uchun hunarmandlar ishtirokida mahorat darslari, amaliy namoyishlar hamda ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Tadbir davomida mehmonlar milliy hunarmandchilik maktablarining o‘ziga xos jihatlari, qadimiy an’analar va ularning bugungi kundagi rivoji bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Ko‘rgazma-yarmarkada milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, milliy urf-odatlar va an’analarni aks ettiruvchi namoyishlar festival ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi. Turli millat vakillarining bir sahnada namoyon etgan madaniy chiqishlari O‘zbekistonda hukm surayotgan hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitining yana bir yorqin ifodasiga aylandi.

“Ona zamin bag‘ridan...” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi milliy hunarmandchilik an’analarini keng targ‘ib etish, ustoz-shogird maktablarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy merosni asrab-avaylash bilan birga, turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim madaniy loyiha sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (suratlar), O‘zA