Qozog‘istonda chavandozlarimiz 8 ta medalni qo‘lga kiritdi
Qozog‘istonning Ostona shahrida ot sporti bo‘yicha xalqaro musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Unda to‘siqlardan sakrash (konkur) yo‘nalishida CSI1*-W Jahon kubogi bosqichi hamda ot yo‘rttirish bo‘yicha CDI1* va CDI3* toifasidagi bahslar tashkil etildi.
Musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari jami 8 ta medal — 7 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

To‘siqlardan sakrash bo‘yicha CSI1*-W bahslarida Xurshidbek Alimjanov “Champions League” laqabli oti bilan 125 va 135 santimetrlik marshrutlarda g‘olib bo‘lib, ikkita oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Alisherjon Erkinov “Cool Dancer” tulporida 135 santimetrlik to‘siqlardan ot sakratishda kumush medal bilan taqdirlandi.

Ot yo‘rttirish bo‘yicha CDI1* dasturida Alina Shevsova “Nocito de Muze” oti bilan uchta startda ishtirok etib, ularda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. CDI3* toifasida esa Alina Shevsova “Zamperoni” oti bilan yana ikkita oltin medalga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA