Anvar Anvarovdan navbatdagi rekord
Xorvatiyaning Zagreb shahridagi nufuzli turnirda o‘zbekistonlik Anvar Anvarov tarixiy natija qayd etdi. U yengil atletika bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritib, yangi rekord o‘rnatdi.
Xorvatiyaning Zagreb shahrida yengil atletika bo‘yicha nufuzli «Boris Hanžeković Memorial» turniri bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Anvar Anvarov uzunlikka sakrash bahslarida 8,29 metr natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bu natija orqali hamyurtimiz O‘zbekistonning yangi milliy rekordini o‘rnatdi. Shu tariqa Anvar Anvarov o‘ziga tegishli bo‘lgan avvalgi — 8,25 metrlik rekordni ham yangiladi. Eslatib o‘tamiz, mazkur natija u tomonidan 2025-yil 12-iyul kuni Finlyandiyada qayd etilgan edi.
Zagrebdagi musobaqada serbiyalik Luka Bojich 8,23 metr natija bilan ikkinchi, yamaykalik Tajay Geyl esa 8,18 metr bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Ma’lumot uchun, “World Athletics Continental Tour Gold” toifasiga kiruvchi turnirlar jahon yengil atletikasi taqvimidagi eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi va unda dunyoning yetakchi sportchilari ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA