Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun 6 ming 500 kvota ajratildi
Prezidentimizning 2022-yil 31-avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvotalar ajratib kelinmoqda.
Joriy yilda ham respublikaning shahar va tumanlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar sonidan va kadrlarning ichki ehtiyojidan kelib chiqib, viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarini tanlagan abituriyentlar uchun to‘lov-kontrakt asosida 6 ming 500 ta qo‘shimcha kvota ajratildi.
Albatta, qo‘shimcha kvotalarning ajratilishi Orolbo‘yi uchun zarur bo‘lgan yuqori bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlashda muhim bo‘lib, o‘z navbatida davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun alohida yaratib bergan imkoniyatlarining yana bir ko‘rinishi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri