Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi
Ma’lumki, mamlakatimizda Biznes-ombudsman davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi muammolarni hal qilish, biznes vakillarining huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi mustaqil institut sifatida o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur institut tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va sohadagi huquqiy kafolatlarni mustahkamlash yo‘lida keng qamrovli vazifalarni amalga oshiradi.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki direktorining o‘rinbosari Asaf Shirman bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida qulay investitsiya muhitini mustahkamlash, xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Suhbatda tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash, biznesdagi tekshiruvlar monitoringi, tizimli muammolarni hal etish hamda qonunchilik tashabbuslari haqida fikr yuritildi.

Shuningdek, OIIB vakillari «Biznesda halollik» forumiga mehmon sifatida taklif etildi.
Muloqot yakunida investorlar uchun Biznes-ombudsman hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida onlayn uchrashuvlar tashkil etish, axborot qo‘llanmalarini tarqatish hamda konsultativ qabullar o‘tkazishga kelishildi.
***
Shuningdek, Bektemir tumani hokimi Nurilla Abdurahmonov, Biznes-ombudsman devoni shu’ba mudiri Guljamol Shukurova, Biznes-ombudsman devonining Toshkent shahar shu’ba mudiri Farhod Ahmedov hamda tuman prokurori Jamoliddin Nuriddinov ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

50 dan ortiq tadbirkorlar qatnashgan muloqot davomida davlatimiz rahbarining 2026-yil 27-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda biznes muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA