Qonuniylik ta’minlanib, qarzdorlik bekor qilindi
Tadbirkorning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yana bir muhim masala ijobiy hal etildi. Asossiz hisoblangan qarzdorliklarning bekor qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlashda tizimli nazorat olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.
Gap shundaki, Raqobat qo‘mitasiga Namangan shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ekti tomonidan murojaat kelib tushgan. Unda tadbirkor “Hududgazta’minot” AJ hamda uning “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan qariyb 341 mln. so‘m miqdoridagi asossiz qarzdorlik hisoblanganini bildirib, masalani qonun doirasida ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Ushbu murojaat yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada, tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan 341 mln. so‘mga yaqin qarzdorlik asossiz hisoblangani aniqlandi. “Hududgazta’minot” AJning maxsus elektron dasturida mazkur qarzdorlikni hisobdan chiqarish ta’minlandi.
Shu tariqa, tadbirkorning qonuniy huquq va manfaatlari tiklandi.
N.Rahmonova, O‘zA