Qiziltepa tumani o‘lkashunoslik muzeyi — o‘tmish va bugunni bog‘lovchi maskan
Muzeylar — xalqning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan maskanlardir. Ularda ajdodlar hayoti, urf-odat va an’analari, turmush tarzi hamda madaniy taraqqiyotiga oid noyob ashyolar saqlanadi. Ayniqsa, yosh avlodni milliy tarixga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muzeylarning ahamiyati beqiyos.
Navoiy viloyatidagi Qiziltepa tuman o‘lkashunoslik muzeyi ham ana shunday ma’naviy-ma’rifiy maskanlardan biri hisoblanadi. Muzey qurilishi 1979-yilda boshlangan. Uning tamal toshini qo‘yish marosimida o‘sha vaqtdagi davlat rahbari Sharof Rashidov ishtirok etgan. 1981-yil 9-mayda qurilish ishlari yakunlanib, muzey «Rayon mehnat va shon-shuhrat muzeyi» nomi bilan o‘z faoliyatini boshlagan.
Muzey dastlab bir ekspozitsiya zali va o‘nta bo‘limdan tashkil topgan. 2015–2016-yillarda Qiziltepa tumani hokimligi tashabbusi bilan byudjet mablag‘lari hisobidan bino zamonaviy ko‘rinishda ta’mirlangan.
Muzeyning asosiy vazifasi tuman tarixini keng jamoatchilikka yetkazish, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, mavjud eksponatlarni asrab-avaylash, namoyish qilish va muzey fondini muntazam boyitib borishdan iborat.
Bugungi kunda muzey fondida jami 3 ming 400 ta eksponat mavjud. Shundan 2 ming 105 tasi asosiy, 1 ming 295 tasi esa yordamchi eksponatlarni tashkil etadi.
Muzeyda XVI–XIX asrlarga mansub mahalliy kulollar va misgarlar tomonidan yaratilgan buyumlar, temirchilik, duradgorlik, o‘ymakorlik va boshqa hunarmandchilik namunalari saqlanadi. Ular orasida ko‘za, xum, oftoba, dastsho‘y, lali, oshxona anjomlari, qishloq xo‘jaligi mehnat qurollari va turli asbob-uskunalar bor. Shuningdek, muzeyda 20 ta qadimgi qo‘lyozma kitob ham mavjud.
Numizmatika bo‘limida qadimgi mis tangalar, turli davlatlarning qog‘oz pullari va tangalari, ko‘krak nishonlari, medallar hamda ordenlar jamlangan. Etnografiya bo‘limida esa qadimgi erkaklar va ayollarning milliy liboslari, bosh va oyoq kiyimlari, joynamozlar hamda so‘zanalar namoyish etilgan.
Grafika bo‘limida Qiziltepa tumanining ekin maydonlari tuzilishi, Buxoroning mustamlakachilik davridagi sinfiy tuzilishi, Buxoro amirligida yer egaligi va davlat boshqaruvi, Somoniylar davrida davlatni idora qilish, O‘rta Osiyoning arablar tomonidan istilo etilishi, Qoraxoniylar va Somoniylar davriga oid tarixiy lavhalar, Transkaspiy temir yo‘li harakati hamda Buxoro amirligi bekliklarining ma’muriy boshqaruviga doir sxemalar tasvirlangan grafik asarlar mavjud.
[gallery-31955]
Bundan tashqari, muzeyda texnikaga oid buyumlar, bosma mahsulotlar, shuningdek, tuman tabiatiga xos cho‘l va mahalliy hududlarda uchraydigan hayvonlar, parrandalar hamda sudralib yuruvchi jonivorlar namunalari ham namoyish etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muzeyga bir yilda o‘rtacha 10 ming nafar kishi tashrif buyuradi. Bu esa tuman tarixiga, milliy qadriyatlar va madaniy merosga bo‘lgan qiziqishning ifodasidir.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA