Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qayta ijaraga beriladi
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish belgilanmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etish masalasi ko‘rilmoqda.
Bu kabi tartiblarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Qonun loyihasi bilan Yer kodeksining yer uchastkasi ijarasi to‘g‘risidagi 24-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish, shuningdek, ijarachilarga ijaraga berilgan yer uchastkalarini qayta ijaraga berishga ruxsat etish nazarda tutilmoqda, – dedi deputat Ravshan Begmatov. – Qonun loyihasida yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qo‘yilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyihada ijaraga olingan yer uchastkalari yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni ijarachilar yerlarga nisbatan o‘z huquq va majburiyatlarini sotish orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish normalari ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga berishda turli bahsli mezonlarga tayangan ochiq elektron tanlov o‘rniga shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari joriy etiladi.
Muhokamalarda deputat D.G‘aniyev amaldagi Yer kodeksining 24-moddasi chet el fuqarolariga ijaraga berish masalasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshirilishi belgilangani, ushbu loyiha bilan kiritilayotgan yerlarni qayta ijaraga berish tartiblarida esa chet el fuqarolari va xorijiy investorlarga qayta ijaraga berish masalasi ochiq qolganini ta’kidladi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng yerlarni qayta ijaraga berish yangi institut ekanligi, bunda chet el fuqarolari mustasno ekanligi belgilab qo‘yiladigan bo‘ldi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA