Qidiruvdagi shaxs nonvoyxonadan topildi
Har er yigit har qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z zurriyodlari oldidagi burchlarini his qilgan holda, bolalarining ta’minotiga e’tiborli bo‘lishi darkor.
Ammo namanganlik fuqaro B. U. bir nafar farzandi uchun aliment to‘lash mas’uliyatini unutib qo‘ydi. Gap shundaki, otaning alimentdan qarzdorligi 41 million so‘mga yetgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi inspektorlari tomonidan olib borilgan qidiruv harakatlari natijasida qarzdor Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan nonvoyxonalardan birida ekanligi aniqlandi. Shundan so‘ng u davlat ijrochisiga topshirildi.
– Aytish kerakki, 41 million so‘m – bu shunchaki qarz emas. Bu farzandning kundalik ehtiyojlari, ta’lim-tarbiyasi va kelajagi uchun zarur bo‘lgan mablag‘dir, – deydi Byuroning Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Zotan, aliment majburiyatini o‘z vaqtida bajarish esa har bir ota-onaning qonuniy va ma’naviy burchidir.
Darhaqiqat, Majburiy ijro byurosining viloyat, shahar, tuman idoralari aliment undiruviga oid ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash, qarzdorlarni aniqlash va qonuniy majburiyatlarni bajartirish bo‘yicha tegishli choralarni izchil davom ettiradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri