Yoshlar bilan ochiq muloqot
Namanganda O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti markaziy kengashi raisi Husan Botirov ishtirokida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o‘tkazildi.
“Vatanparvar” tashkilotining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan Kosonsoy tumanidagi milliy madaniyat markazida uyushtirilgan ushbu tadbirda “Vatanparvar” viloyat kengashi va uning shahar, tumanlardagi o‘quv sport texnika markazlari mutasaddilari, tumandagi oliy va kasbiy ta’lim muassalari talaba-yoshlari qatnashdilar.
Muloqot avvalida, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, ommaviy kasb turlariga o‘qitish va tayyorlash borasida “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, tashkilot tizimida faoliyat yuritayotgna 30ga yaqin kasb turlari bo‘yicha to‘garaklar va kurslar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha mutaxassislar yetishtirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Birgina oxirgi ikki yilda haydovchilarni tayyorlash borasidagi ta’lim yo‘nalishini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida tashkilot tizimida respublika bo‘yicha 2 mingdan ortiq yangi transport vositalari xarid qilindi.
Yozgi Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, jahon kubogi, MDH o‘yinlari kabi nufuzli xalqaro musobaqalarda Muhammad Kamolov, Muxtasar Tohirova, Sodiqjon Abdullayev kabi “Vatanparvar”da toblangan namanganlik sportchilarning zafarli natijalari alohida e’tirof etildi.
[gallery-32165]
Tadbir chin ma’noda qizg‘in va samimiy ruhda kechib, ayniqsa, Kosonsoyning kelib chiqishi va tumanni tashkil etish tarixi borasidagi munozaralar ishtirokchilarning faolligini oshirdi. Qolaversa, ochiq muloqotda yoshlar qiziqtirgan savollarga javob olib, o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.
– Bunday uchrashuvlar biz yoshlar uchun kerakligini tadbir mobaynida his etdim. Boisi, “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da “Vatanparvar” tashkiloti qoshida yigitlar uchun as qotadigan merganlik bo‘yicha sport seksiyasi borligi katta qiziqishimga sabab bo‘ldi, – deydi Kosonsoy tumanidagi 4-sonli kasb-hunar texnikumi talabasi Hojiakbar Usmonxonov. – Tashkilot raisi biz yoshlar uchun to‘garaklar eshiklari ochiqligi, barcha imkoniyatlar muhayyo etilishini aytganligi quvonarlidir.
Darhaqiqat, ertamiz egalari bilan dildan uchrashuv va muloqotlar o‘g‘il-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy qiziqishini rivojlantirish hamda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (suratlar), O‘zA muxbirlari