Qatag‘on: bolalar ham bu siyosatdan chetda qolmagan...
O‘tgan asrning eng mash’um qatag‘on siyosati sobiq SSSR hududidagi minglab, millionlab odamlarning yostig‘ini quritgani bilan tarixning eng qora sahifalaridan biri bo‘lib qoldi.
Bu davrda nafaqat ziyolilar, davlat arboblariyu din ulamolari, balki ularning yaqinlari, voyaga yetmagan farzandlari ham og‘ir azob-uqubatlarga giriftor qilingan edi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari doktori ( PhD) Azizaxon Ahrorova bu davrga oid hujjatlarga asoslangan holda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Sovet davlati 1937-1938-yillarda avj olgan “Katta qirg‘in” davrida nafaqat begunoh insonlarni, balki ularning ayoli va farzandlarini ham ayovsiz jazoladi. Bu tadbirlar SSSR NKVDning 1937-yil 15-avgustdagi “Vatan xoinlarining ayollari va farzandlarini qatag‘on qilish tadbiri to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan amalga oshirildi. Demak, qatag‘on davri ayol va yosh bolalarni ham chetlab o‘tmagan.

Ta’kidlash lozimki, jazo organlari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur dasturda insoniy huquqlar umuman e’tiborga olinmadi. Jumladan, yuqoridagi buyruqda hibsga olingan shaxsga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk musodara qilinishi, sudlanganlarning xotinlari ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, 5-8 yildan kam bo‘lmagan muddatga lagerlarga ozodlikdan mahrum qilinishiga oid bandlar mavjud edi. Shuningdek, mahkumlarning ijtimoiy xavfli bolalari, ularning yoshiga, xavflilik darajasiga va tuzatish imkoniyatlariga qarab NKVD lagerlarida yoki axloq tuzatish koloniyalarida qamoqqa olinishi yoki Xalq Ta’limi Komissarligining maxsus rejimdagi bolalar uylariga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan.
Albatta, sovet hukumati o‘z rejimini mustahkamlash jarayonida jamiyatning nozik qatlamlarini shunday jazolash usullarini ishlab chiqishgan. Keyinchalik 1970-yillarda “katta qirg‘in” davrida SSSR Xalq Komissarlari Kengashi raisi bo‘lgan V.M.Molotov bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘lgan Feliks Chuyev undan “nega qatag‘onlik ayollar va bolalarga nisbatan qo‘llanildi?” deb so‘raganda, u shunday javob beradi: “Ularni cheklash kerak edi, bo‘lmasa ular turli shikoyatlar tarqatishar edi”.

Bundan tashqari, buyruqqa ko‘ra, 1-1,5 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni Narkomzdrav yasli va bolalar uylariga, 3 yoshdan 15 yoshgacha bolalarni boshqa respublika, o‘lka va viloyatlardagi bolalar uylariga (Moskva, Leningrad, Kiyev, Tbilisi, Minsk hamda chegara va dengiz bo‘yi shaharlariga joylashtirish man etilgan), 15 yoshdan katta «ijtimoiy xavfli» deb topilgan bolalar esa lager, mehnat tuzatish koloniyalari yoki maxsus rejimli bolalar uylariga yuborilgan.
Buyruqning 36-bandiga ko‘ra, keyinchalik barcha «xoin»larning xotinlari erlari bilan bir vaqtda hibsga olinishi lozim edi. Bu qoida 1938-yil oktabrida biroz yumshatilgan bo‘lsa-da, oilaviy jazolash amaliyoti davom etgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, mazkur buyruq asosida taxminan 18 ming ayol hibsga olingan. Ularning aksariyati maxsus lagerlarga va boshqa GULAG muassasalariga yuborilgan. Shu bilan birga, 25 mingga yaqin bola ota-onalaridan ajratilgan va bolalar uylariga joylashtirilgan. Operatsiya 1937-yil 25-oktabrgacha yakunlanishi belgilangan bo‘lsa-da, amaliyotda u uzoq davom etgan.
Moskva, Leningrad va boshqa yirik shaharlarda minglab oilalar jabr ko‘rgan. Masalan, Moskvada 3 mingdan ortiq, Leningradda 1,5 mingga yaqin ayol hibsga olingan. Buyruq nafaqat erkaklarni, balki butun oilani “ijtimoiy xavfli unsur” sifatida qayta ta’riflagan. Bu esa qatag‘on siyosatining yangi bosqichini belgilagan.
Bu davrda ko‘plab oilalar butunlay vayron bo‘lgan. Ayollar turmush o‘rtoqlarining taqdirini bilmagan holda lagerlarga yuborilgan, ko‘p hollarda ularning hayoti haqida umuman ma’lumot olmagan. Bolalar esa “xalq dushmanining farzandi” degan tamg‘a bilan o‘sgan. Bolalar uylarida ular ko‘pincha ism-shariflarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan, ota-onalari haqida gapirish man etilgan.
Keyingi yillarda bu bolalar maktabda, ishga joylashishda, hatto oliy o‘quv yurtlariga kirishda ham taqibga uchragan. “Xalq dushmani oilasi” degan tamg‘a ularning butun hayotiga soya solgan. Jamiyatda qo‘rquv muhiti kuchaygan. Odamlar bir-biridan hadiksiragan, oilaviy aloqalar zaiflashgan. “Xalq dushmani” bilan aloqa qilish ham xavfli hisoblangan. Bu holat jamiyatining ijtimoiy tuzilishiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekistonda ham yuqoridagi buyruq bo‘yicha choralar amalga oshirilgan. Milliy ziyolilar, jadidlar, partiya va sovet idoralaridagi «millatchi» deb ayblangan rahbarlarning oila a’zolari shu tartibda qatag‘on qilingan. Ko‘plab ayollar va bolalar boshqa respublikalarga yuborilgan, oilaviy aloqalar uzilgan. Bu holat milliy ziyoli qatlamning butunlay yo‘q qilinishiga olib kelgan omillardan biri bo‘lgan. Natijada O‘zbekiston madaniyati, adabiyoti va ilm-fani og‘ir yo‘qotishlarga uchragan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumikinki, NKVD SSSRning yuqoridagi operativ buyrug‘i qatag‘on siyosatining eng shafqatsiz tomonlaridan birini namoyon etadi. U minglab oilalarni vayron qilgan, bolalar ongida chuqur psixologik jarohat qoldirgan va jamiyatda uzoq yillar davom etgan qo‘rquv muhitini shakllantirgan. Bu hujjatni o‘rganish tarixiy haqiqatni tiklash, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, u hozirgi va kelajak avlodlarga inson huquqlari, qonun ustuvorligi va oila daxlsizligi qanchalik qadrli ekanligini eslatib turadi.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova yozib oldi.