Qashqadaryoda xavfsizlik va profilaktika tadbirlari davom etmoqda
Qashqadaryo viloyatida aholi, yoshlar va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamoat tartibini saqlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
Viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan turizm hududlarida mahalliy va xorijiy sayyohlarning tinch, osoyishta va xavfsiz dam olishini ta’minlash maqsadida doimiy patrul nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik tadbirlar o‘tkazish, sayyohlarga axborot va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Miraki sayyohlik maskanida xorijiy sayyohlarga Turizm politsiyasi xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, bozor hududida fuqarolar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, jamoat tartibini saqlash va sayyohlar uchun xavfsiz hamda qulay muhit yaratish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Profilaktika ishlari aholi o‘rtasida kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha ham tashkil etilmoqda. Miraki mahallasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida fuqarolarga internet firibgarligidan himoyalanish, shubhali havolalarni ochmaslik, soxta qo‘ng‘iroq va xabarlarga ishonmaslik, bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS-kodlarni begona shaxslarga bermaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Fuqarolarning mobil qurilmalariga “APK Qo‘riqchi” ilovasi o‘rnatilib, zararli APK fayllaridan himoyalanish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, 25-sentabr kuni Ijtimoiy fanlar fakultetining San’atshunoslik kafedrasida tahsil olayotgan 1–3-bosqich talabalari ishtirokida “Ogohlik – davr talabi” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi. Unda institut profilaktika inspektorlari, psixolog, fakultet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda talabalarga odam savdosi va giyohvandlikning ayanchli oqibatlari, ommaviy axborot xurujlari, psixologik holatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikning oldini olish, institut ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq kodeksining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri