Avstriya kompaniyasi bilan suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish tobora dolzarb masalaga aylanmoqda.
Bu borada suv tejovchi zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, xorijiy tajriba va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq qilish agrar sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Avstriyaning «Bauer» kompaniyasi moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Andreas Shitter bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va “Bauer” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, mamlakat qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Suhbatda zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish orqali suv sarfini kamaytirish, sug‘orish samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjat imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA