Qashqadaryoda g‘o‘za defoliatsiyasi ishlari boshlandi
Qishloq xo‘jaligida har bir mavsumning yakuniy natijasi yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida, sifatini saqlagan holda va kam nobudgarchilik bilan yig‘ib-terib olishdan belgilanadi. Ayniqsa, paxtachilikda g‘o‘zaning pishib yetilishi bilan bir qatorda terim jarayonini qisqa muddatlarda tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Qashqadaryo viloyatida 2026-yil paxta hosilini yig‘ib-terib olishga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirdi. Ayni paytda viloyatda 129,3 ming gektar maydonda parvarishlanayotgan g‘o‘zada defoliatsiya va desikatsiya tadbirlari belgilangan agrotexnik talablar asosida tashkil etilmoqda.
Viloyat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan g‘o‘za defoliatsiyasi tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, jarayonni nazorat qilish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.
G‘o‘zaning to‘laqonli pishib yetilishini tezlashtirish, ko‘saklarning ochilishini bir maromda ta’minlash va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olish maqsadida defoliatsiya va desikatsiya ishlari uch bosqichda amalga oshirilmoqda.
Buning uchun viloyat bo‘yicha 144 ta mexanizatsiyalashgan otryad tashkil qilinib, ularga 162 nafar hudud rahbari, 98 nafar tuman o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limlari inspektori, 503 ta purkagich hamda 159 ta suv tashish sig‘imi biriktirilgan. Shuningdek, jarayonga 16 ta dron ham jalb etildi.

Mutaxassislar tomonidan g‘o‘za maydonlarining holatidan kelib chiqqan holda kunlik ishlov berish grafiklari ishlab chiqilib, tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Hozirga qadar viloyatdagi 129,3 ming gektar g‘o‘za maydonida hosilning pishib yetilishini tezlashtiruvchi “Etefon” tarkibli preparatlar bilan birinchi bosqich ishlovi o‘tkazildi. Ayni kunlarda esa ikkinchi bosqichda Tidiazuron+diuron defoliantlari bilan 93,7 ming gektarda, uchinchi bosqichda Dikvat+ion magniy xlorat preparatlari bilan 2,5 ming gektarda defoliatsiya va desikatsiya ishlari olib borilmoqda.
– Defoliatsiyaning asosiy afzalligi shundaki, u g‘o‘za barglarining me’yorda to‘kilishini ta’minlab, ko‘saklarning ochilishi va hosilning pishib yetilish jarayonini jadallashtiradi, – deydi viloyat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Sardor Abdusalomov. – Bu esa paxtani qisqa muddatlarda, kam nobudgarchilik bilan yig‘ib-terib olish uchun qulay sharoit yaratadi. Shuningdek, defoliatsiya sifatli o‘tkazilganda terim jarayoni yengillashib, paxta tolasining ifloslanishi kamayadi va mexanizatsiyadan samarali foydalanish imkoniyati oshadi. Biroq bunda preparatlarni belgilangan me’yorda qo‘llash, ishlov berish muddatini to‘g‘ri belgilash va ob-havo sharoitini inobatga olish juda muhim.
Darhaqiqat, defoliatsiyada sifat asosiy mezon hisoblanadi. Preparatlarning belgilangan me’yordan ortiq yoki kam qo‘llanilishi kutilgan samarani bermasligi mumkin. Shuningdek, purkagichlarning texnik holati, ishlovning bir tekis amalga oshirilishi ham muhim omillardan.
Qolaversa, havo harorati, shamol, namlik va yog‘ingarchilik kabi omillar defoliatsiya samaradorligiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois har bir maydonda ishlov berish muddatini belgilashda g‘o‘zaning rivojlanish holati, ko‘saklarning ochilish darajasi, nav xususiyatlari va ob-havo sharoiti hisobga olinmoqda.
Paxtachilikda yakuniy natija nafaqat qancha hosil yetishtirilgani, balki uning sifati va qanchalik kam nobudgarchilik bilan yig‘ib olingani bilan ham baholanadi.
Shu nuqtai nazardan, viloyat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan g‘o‘za defoliatsiyasi tadbirlarini belgilangan muddatlarda, sifatli va agrotexnik talablar asosida o‘tkazish, mavsum yakunida yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olishga zarur sharoit yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri