“Qashqadaryo – Xefey” biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda
Qashqadaryo viloyatida Xitoy Xalq Respublikasining Anxoy provinsiyasi xususan Xefey shahri tadbirkorlar delegatsiyasi ishtirokida “Qashqadaryo – Xefey” biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda.
22-25-iyun kunlari Shahrisabz tumanidagi Miraki xalqaro turizm markazida tashkil etilayotgan forum ikki hudud ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan.

Tadbir doirasida mahalliy tadbirkorlar hamda xitoylik hamkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri V2V uchrashuvlar tashkil etiladi. Unda qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish, shuningdek, eksport shartnomalarini imzolash masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Delegatsiya tarkibidan qurilish materiallari ishlab chiqarish, agrosanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika, dorivor o‘simliklar yetishtirish, qayta tiklanuvchi energetika, avtosanoat, maxsus texnika, elektronika, sun’iy intellekt, ekologiya hamda to‘qimachilik sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar o‘rin olgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur forum mahalliy tadbirkorlar uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi bozorlarga chiqish va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, farmatsevtika, to‘qimachilik va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar V2V uchrashuvlarda ishtirok etish orqali xitoylik sheriklar bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri