O‘zbekistonda yagona QR-kod tizimi joriy etilmoqda
Mamlakatimizda naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida zamonaviy to‘lov yechimlarini joriy etish hamda tadbirkorlik sub’ektlari xarajatlarini qisqartirish maqsadida Yagona milliy QR-kod tizimi — UzQR bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, ushbu tizimning asosiy afzalligi shundaki, iste’molchi qaysi bank yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasidan foydalanishidan qat’i nazar, yagona QR-kodni skaner qilish orqali to‘lovni amalga oshira oladi. Bu esa savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlarini turli xil QR-kodlar va alohida to‘lov yechimlarini saqlab turish zaruratidan xalos etadi.
Qayd etilishicha, UzQR mamlakatda yagona to‘lov muhitini shakllantirish, raqobatni kuchaytirish va aholi uchun yanada qulay xizmatlarni yaratishga mo‘ljallangan.
Tizim orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bo‘yicha umumiy komissiya miqdori 0,65 foiz etib belgilangan. Muhimi, mazkur mablag‘ to‘lov zanjirida ishtirok etuvchi barcha sub’ektlar o‘rtasida shaffof tarzda va ularning haqiqiy vazifasi hamda xarajatlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Komissiya taqsimoti quyidagicha: 0,10 foiz — ekvayer bank (QR-kodni tadbirkorga o‘rnatib bergan bank), 0,15 foiz — to‘lov Uzcard yoki Humo milliy kartalari orqali amalga oshirilganda tegishli ulush, 0,20 foiz — QR-kod operatori (tizimni texnik qo‘llab-quvvatlash, yagona call-markaz, shaxsiy kabinetlar va onlayn-KKM integratsiyasi xarajatlari uchun), 0,05 foiz — karta emitenti, 0,15 foiz — to‘lov tashabbuskori, ya’ni QR-kodni o‘quvchi mobil ilova, 0,05 foiz — to‘lovchi bankga taqsimlanadi.
Tarif tizimining o‘ziga xos jihati shundaki, ayrim ishtirokchilar bir vaqtning o‘zida bir nechta ulush olishi mumkin. Masalan, to‘lov bankning o‘z mobil ilovasi orqali amalga oshirilsa va karta ham shu bank tomonidan chiqarilgan bo‘lsa, bankning umumiy ulushi 0,20 foizga yetadi. Agar savdo sub’ekti ham mazkur bank mijozi bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 0,30 foizgacha oshishi mumkin.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha amaldagi xizmat tariflari odatda 1 foizdan 3 foizgachani tashkil etadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, UzQR tizimida belgilangan 0,65 foizlik tarif bozordagi o‘rtacha tariflarga nisbatan sezilarli darajada past hisoblanadi.
Yana bir muhim jihat shundaki, Uzcard va Humo milliy to‘lov tizimlarining boshqa, milliy bo‘lmagan QR-kod yechimlari uchun qo‘llaniladigan tariflari 0,3–0,37 foiz atrofida bo‘lsa, UzQR umummilliy ahamiyatga ega loyiha sifatida baholangani uchun ushbu ulush 0,10 foizgacha pasaytirilgan.
Tizimning rasmiy tarif siyosatida eng muhim tamoyillardan biri — to‘lovchi, ya’ni iste’molchidan hech qanday komissiya undirilmasligi. Belgilangan 0,65 foizlik tarif faqat savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari tomonidan to‘lanadi va u to‘lov infratuzilmasida ishtirok etuvchi tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Shu bilan birga, ayrim holatlarda iste’molchidan qo‘shimcha yig‘im olinayotgani kuzatilmoqda. Mutaxassislar bu holatlar UzQR rasmiy tarifi tarkibiga kirmasligini, balki ayrim ishtirokchilarning mustaqil tashabbusi asosida joriy etilgan qo‘shimcha ustamalar ekanini ta’kidlamoqda. Hozirda mazkur masala tartibga solish jarayonida ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, UzQR tizimi orqali yaratilgan yagona standart savdo nuqtalari uchun xarajatlarni kamaytiradi, to‘lov xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytiradi va milliy to‘lov infratuzilmasining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, tizimdagi har bir ishtirokchining ulushi uning real vazifasi va xarajatlariga muvofiq belgilangan bo‘lib, bu shaffoflikni ta’minlaydi. Natijada ham tadbirkorlar, ham iste’molchilar manfaatlari himoya qilinadi, mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yana bir muhim qadam qo‘yiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA