Qasamyod — Vatan va xalq oldidagi yuksak mas’uliyat (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetida yangi o‘quv yilini boshlagan 1-bosqich kursantlarining Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yosh kursantlar uchun bu kun — harbiy xizmatdagi ilk va eng mas’uliyatli qadamlardan biri. Zero, qasamyod — Vatan taqdiri va xalq osoyishtaligini himoya qilishdek sharafli va mas’uliyatli vazifaga berilgan yuksak va’dadir. Ushbu kun universitetning 1-bosqich kursantlari hayotida unutilmas voqea sifatida muhrlanadi. Marosim saf maydoniga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i va Milliy gvardiya Bayrog‘ining tantanali ravishda olib kirilishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng yurt himoyasi yo‘lida ilk qadamlarini qo‘yayotgan yoshlar Amir Temurning 12 ta eng muxim tuzikiga xos 12 ta bo‘linmalarga saf tortgan holda Vatan bayrog‘i oldida, qo‘lida qurol bilan yangicha va o‘zgacha ruxda Milliy gvardiya saflarida sharaf bilan xizmat qilishga qasamyod qabul qildilar. Bugungi qasamyod — bir avlodning Vatan oldidagi ahdi. Bu ahd bor ekan, xalq ishonchi, yurt tinchligi va Vatan sha’ni hamisha himoyada!
Tantanali marosim harbiy orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi bilan davom etdi. Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda qator nufuzli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Marosimning badiiy qismida esa kursantlarning jangovar va jismoniy tayyorgarligi, qat’iyati va mahoratlari namoyon etildi. Ushbu dargohda tahsil olayotgan yoshlarga nazar solar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda buyuk ajdodlarimiz vorislari bo‘lmish, zamonaviy dunyoqarashga ega yangi avlodni, ular timsolida esa bugungi Milliy Gvardiyani ko‘ramiz!
Bugun universitet oldida turgan vazifalar zamonaviy islohotlar bilan uyg‘un ravishda kengayib bormoqda. Joriy yilda universitetga 600 nafarga yaqin kursant qabul qilindi. Ularning 250 nafari kelgusida profilaktika inspektori sifatida jamoat tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish kabi mas’uliyatli vazifalarni bajaradi. Ta’lim jarayoni “nazariyadan — ixtisoslikka, ixtisoslikdan — amaliyotga” tamoyili asosida tashkil etilmoqda. Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar Yurt tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida zamon talablariga mos ravishda dron va antidronlarni qo‘llay olish, robototexnika va raqamlashtirilgan tizimni takomillashtirish, sun’iy intellekt orqali boshqaruvga asoslangan yangicha yondashuvni ta’lim jarayoniga tatbiq qilinganligini guvohi bo‘lishdi, bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Tantana musiqiy dastur bilan davom etdi.
Qasamyod — oddiy va’da emas. U, avvalo, Vatan va xalq oldidagi yuksak mas’uliyat ifodasidir. Bugun qasamyod qabul qilgan yoshlar uchun esa bu muqaddas so‘zlar kelgusi xizmat faoliyatining asosiy mezoni, sharaf va sadoqat yo‘lining mustahkam poydevori bo‘lib qoladi.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA