Qarshida universitet bosh binosida yong‘in chiqdi
Bugun, 14-sentabr kuni Qarshi shahrida joylashgan Qarshi davlat texnika universitetining bosh binosi tom qismida yong‘in sodir bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, soat 14:53 da “112” yagona tizimi orqali mazkur hodisa haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni o‘chirish ishlariga kirishgan. Ayni paytda yong‘inni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar bor-yo‘qligi va yong‘inning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri