Qarshida muhandislik g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun yangi imkoniyat yaratildi
Qarshi davlat texnika universitetida “Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi” – FabLab binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida viloyat hokimi Murotjon Azimov yig‘ilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan muborakbod etdi. Yangi markazning faoliyati muhandislik sohasida innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ochilish marosimida markazda yaratilgan innovatsion ishlanmalar namoyish etildi. Robotlar, dronlar, yangi avlod mashinasi, quyosh panellarini tozalash qurilmasi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.
Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etishdan asosiy maqsad – yosh olimlar va talabalarning muhandislik-texnika yo‘nalishlaridagi g‘oya va ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, ularning tajriba namunalarini tayyorlash hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishdan iborat.
Ayni paytda markazda 6 ta sex va 4 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Bu yerda 148 nafar talaba ish bilan ta’minlangan va ilmiy-innovatsion faoliyatga jalb etilgan. Shuningdek, 30 ga yaqin xizmat turi ko‘rsatish va 20 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Markazda yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, talabalar va mahallalar yoshlari uchun 20 dan ortiq kasb-hunarga o‘rgatish kurslari tashkil etilgan.
FabLab faoliyatining muhim jihati shundaki, bu yerda talaba yoki yosh olimning ilmiy g‘oyasi faqat nazariy ish sifatida qolib ketmay, uning tajriba namunasini yaratish va keyinchalik ishlab chiqarishga joriy etish imkoni mavjud.
Bugungi kunda iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega muhandis kadrlar zarurati tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, markazning ishga tushirilishi Qarshi davlat texnika universitetida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Bu yerda yaratilayotgan shart-sharoitlar yoshlarning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va hudud iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan zamonaviy muhandis kadrlarni tayyorlashga imkoniyat yaratadi.
[gallery-31130]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari