Mustaqillikning 35 yilligi: energetika sohasida yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda
Barqaror rivojlantirish, aholi va ishlab chiqarish korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ishonchli ta’minlash, shuningdek, zamonaviy va ekologik toza energiya manbalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda energetika sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish hamda energiya saqlash tizimlarini joriy etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Energetika vazirligi Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Obidjon Dilmurodovning qayd etishicha, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
Mazkur loyiha Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimiz energetika tizimini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni yaratish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalaridan biridir.
Umumiy qiymati 263 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha Saudiya Arabistonining "ACWA" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Yangi shamol elektr stansiyasi Qoraqalpog‘istondagi ikkinchi shamol elektr stansiyasi hisoblanadi.
Stansiyaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 701 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 292 ming xonadonning bir yillik elektr energiyasi iste’moliga teng hajm.
Loyihaning yana bir muhim jihati - tabiiy gaz resurslarini tejash imkoniyati. Xususan, yangi shamol elektr stansiyasi hisobiga yiliga 187 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, atmosferaga 403 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olinadi.
Qoraqalpog‘istonda ilk bor 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimining ishga tushirilishi ham hudud energetika tizimi uchun muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tizim asosida elektr energiyasini bir kunda ikki mahal, 2 soatdan 100 MVt, ya’ni 200 MVt·soat quvvatda zaxiralash imkoniyati yaratildi.
Energiya saqlash tizimidan elektr tarmog‘ida yuklama yuqori bo‘lgan vaqtlarda foydalanilib, tizim barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, tarmoqlarning ishonchliligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan har bir loyiha, avvalo, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi yangi quvvatlarning ishga tushirilishi esa nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshiradi, balki tabiiy resurslarni tejash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Shu bilan birga, loyihalar hududda yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilmoqda. Jumladan, mazkur ob’ektlar doirasida 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Umuman, mustaqillikning 35 yilligi arafasida Qoraqalpog‘istonda yangi shamol elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimining ishga tushirilishi mamlakatimizda "yashil" energetikani rivojlantirish, energetika tizimi barqarorligini mustahkamlash va yangi avlod energetika infratuzilmasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA