Qarshi tumanidagi portlash oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda
Qarshi tumanida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Qashqadaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 8-iyun kuni soat 13:50 da Qarshi tumani “Chaman” mahallasidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash yuz bergani haqida xabar kelib tushgan.
Hodisa joyiga 5 ta qutqaruv bo‘linmasi jalb qilinib, ular soat 14:02 da yetib borgan. Yong‘in soat 14:05 da o‘rab olingan va soat 14:55 da to‘liq o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 4 ta avtomobil, jumladan, 2 ta «Cobalt» hamda gaz tashishga mo‘ljallangan 2 ta transport vositasi, shuningdek, 2 ta yer osti yoqilg‘i saqlash rezervuari zararlangan.
Portlash natijasida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasi tashkil etildi.
Komissiya zimmasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, hodisa oqibatlarini bartaraf etish, portlash sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifalari yuklatilgan.
Ayni paytda hodisa sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA