Qardoshlik va ishonch ramzi
Ko‘hna va boqiy Buxoro yana bir nufuzli xalqaro uchrashuvga mezbonlik qildi. Mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Qodir O‘zkaya boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Tashrif doirasida mehmonlar Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari nafaqat strategik sheriklik, balki asrlar sinovidan o‘tgan mushtarak qadriyatlar, tarixiy yaqinlik va qardoshlik rishtalariga tayanishi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va ochiq muloqot tufayli O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalar bilan bir qatorda huquqiy davlatchilik, sud-huquq tizimi va konstitutsiyaviy taraqqiyot yo‘nalishida ham hamkorlik izchil mustahkamlanmoqda.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Buxoro viloyati misolida ham o‘zining amaliy natijalarini berayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda hududda investitsiyaviy muhit tobora yaxshilanib, yirik infratuzilma loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan sanoat korxonalari, qurilish va ishlab chiqarish ob’ektlari barpo etilayotgani, qishloq xo‘jaligida ilg‘or yondashuvlar keng joriy qilinayotgani aytib o‘tildi.
Ayniqsa, tarixiy merosni asrab-avaylash va uni jahon turizm markazlaridan biri sifatida rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘z navbatida, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Qodir O‘zkaya samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Buxoro azaldan ilm-fan, ma’rifat va madaniyat markazi sifatida dunyo tamaddunida alohida o‘rin tutib kelganini ta’kidladi.
[gallery-29276]
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Buxoroning noyob tarixiy va me’moriy yodgorliklarini ziyorat qildi. Ko‘hna shaharning asrlar silsilasini o‘zida mujassam etgan obidalari, milliy qadriyatlar va yuksak mehmondo‘stlik muhiti mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ayniqsa, huquqiy hamkorlik, madaniy almashinuv va o‘zaro ishonchni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.