Yer resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha o‘quv-trening tashkil etildi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” (GCP/UZB/020/GFF) loyihasi doirasida Fermerlar dala maktabi uchun "Yer degradatsiyasini neytrallashtirish (LDN)" mavzusida o‘quv-trening o‘tkazildi.
Tadbirda vazirlik mutaxassislari, loyiha ekspertlari, ilmiy doira vakillari hamda mahalliy yer va tabiiy resurslardan foydalanuvchilar ishtirok etdi. Trening davomida yer degradatsiyasini baholash, yer resurslarini kompleks boshqarish va ulardan samarali foydalanishning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan fikr almashildi.
Mutaxassislar tomonidan yer resurslarini rejalashtirish, degradatsiya jarayonlarini barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan yondashuvlar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi (UNCCD) doirasida ishlab chiqilgan xalqaro uslublar, ularni milliy va hududiy sharoitlarda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Yer resurslaridan oqilona foydalanish orqali ekotizimlarni muhofaza qilish va aholi farovonligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Treningda Orolbo‘yi hududlari, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarining tabiiy-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan submilliy yondashuvlar taqdim etildi. Loyiha doirasida yaylovlar, o‘rmonlar va boshqa yer resurslarini barqaror boshqarishga oid amaliy tavsiyalar hamda metodik qo‘llanmalar tayyorlangani qayd etildi.
Tadbir yakunida o‘quv-treningni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Shu bilan birga, yer degradatsiyasini neytrallashtirish, yer resurslarini barqaror boshqarish va ilmiy asoslangan qarorlarni amaliyotga keng joriy etish mamlakatning ekologik barqarorligi hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA